Arman-ozar chegarasida otishma: tomonlar bir-birini ayblamoqda
Olam
−
28 iyul 2021
3729Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Armanistonning shimoli-sharqidagi chegara aholi punktlariga qarshi o‘t ochmoqda. Bu haqda Armaniston Respublikasi Ombudsmani Arman Tatoyan xabar bergan.
“Ombudsman idorasiga Gegarkunik viloyatining Verin Shorja va Kut aholi punktlariga Ozarbayjon Qurolli Kuchlari intensiv ravishda o‘t ochishni boshlagani to‘g‘risida xabarlar kelib tushdi”, deb yozgan Tatoyan.
Ombudsmanning ta’kidlashicha, u xalqaro organlarga “Armanistonning aholi punktlarida otishma bo‘lmasligi uchun qat’iy choralar ko‘rish zarurligi to‘g‘risida” shoshilinch xabarlar yuborgan.
Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Ozarbayjon harbiylari bilan bo‘lgan otishma natijasida ikki armanistonlik harbiy xizmatchi jarohat olgan va yana beshta harbiy xizmatchining holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniqlanmoqda.
“Ozarbayjon Sotk-Verin Shorja aholi hududida Armaniston chegaralariga hujum uyushtirdi. Harbiy harakatlar boshlandi, intensiv otishma bo‘lib o‘tmoqda”, deb xabar bergan Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi esa Armaniston Qurolli Kuchlarining Kalbajar viloyatidagi o‘t ochishi natijasida ikki ozarbayjonlik harbiy chegarada yaralanganini xabar qildi. Ozarbayjon tomonining xabar berishicha, bugun, 28 iyul kuni soat 00:50 atrofida Ozarbayjon armiyasi pozitsiyalari intensiv o‘qqa tutilgan. Ularning ta’kidlashicha, otishma qurollar va granatometlardan amalga oshirilgan.
Armaniston tomonining xabar berishicha, janglar bugun, 28 iyul kuni tungi soat 03:40 da Ozarbayjon harbiylarining provokatsiyasi tufayli boshlangan. Baku esa otishmani Armaniston harbiylari boshlaganini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon harbiylarining Kalbajar mintaqasidagi pozitsiyalari 26 iyulga o‘tar kechasi Armaniston tomonidan intensiv o‘qqa tutilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyat 12 maydan beri keskinligicha qolmoqda. O‘shanda Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari “chegarani sozlash” maqsadida Syunik viloyatining chegara tumanlaridan birida “ma’lum ishlarni” bajarishga harakat qilgani haqida ma’lum qilgandi. O‘shandan beri har ikki tomon vaqti-vaqti bilan turli hodisalar haqida xabar bermoqda.
LiveBarchasi