“Arqadag‘”ning o‘rinbosari Mirziyoyev qabulida bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugun, 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlarini o‘tkazish doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Esenmirat Orazgeldiyevni qabul qildi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligini yanada kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar birodar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Esenmirat Orazgeldiyev O‘zbekiston yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Shuningdek, shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tkazilgan ikki tomonlama hamkorlik va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘shma hukumatlarlaro komissiyalar yig‘ilishlarining asosiy natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Davlat rahbari O‘zbekistonda o‘tkaziladigan sammitga puxta va har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish, eng avvalo, mazmunli kun tartibini shakllantirish, shuningdek, iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish muhim ekanini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov nafaqat davlat rahbari, balki Vazirlar Mahkamasi Raisi ham hisoblanadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

56

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing