Argentinaning g‘alabasi adolatsiz bo‘ldi – Misr bosh murabbiyi

Sport

image

Misr milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Hussam Hasan Argentinaga qarshi Jahon chempionatining 1/8 final uchrashuvidan keyin FIFA Argentinaga yon bosayotganini aytdi. Bu haqda u o‘yindan keyin jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning fikricha, amaldagi jahon chempionlarining 3:2 hisobidagi g‘alabasi adolatsiz bo‘lgan va bunda musobaqani tashkil etuvchi FIFA’ning manfaatlari ham rol o‘ynagan.

Avvalroq, Misr terma jamoasi Argentinaga qarshi bahsda 79-daqiqaga qadar ikki to‘p farqi bilan oldinda borayotganiga qaramay, uchrashuvni 2:3 hisobida boy bergan edi. Hasan o‘yin yakunida hakam bilan tortishib qolgani uchun sariq kartochka ham oldi.

“Biz amaldagi jahon chempionlaridan har tomonlama ustun o‘ynadik. Biroq natijaga nafaqat maydondagi, balki undan tashqaridagi omillar ham ta’sir qildi. Balki ular jahon chempionini musobaqada saqlab qolishni xohlagandir, balki Lionel Messining turnirda ishtirokini davom ettirishni istagandir. Futbolda ba’zan texnik jihatlardan tashqari omillar ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Jahon chempionlari barcha darajada qo‘llab-quvvatlandi”, deydi Hasan.

Uning ta’kidlashicha, uchrashuv natijasiga ishonish qiyin.

“Hayotning o‘zi adolatsiz. Shunday ekan, nega sportda ham adolat bo‘lmasligi kerak? Men bu natijaga ham, o‘yinning qanday kechganiga ham ishonmayman. “Omadsizlik” deb atashni istardim, ammo bizga nisbatan adolatsiz munosabat bo‘ldi. Bu noqonuniy edi. Men hakamga ham Argentinaning g‘alabaga munosib emasligini aytdim. Mamlakatimga qaytganimdan keyin boshqa hech qachon Jahon chempionatini tomosha qilmayman, chunki bu musobaqada adolat yo‘q”, deydi misrlik mutaxassis.

Hussam Hasan o‘z fikridan qaytmasligini ham qo‘shimcha qildi.

“Oqibati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘ylaganimni aytaman. Bu o‘yin aniq soxtalashtirilgan edi va butun dunyo buni ko‘rdi. Agar ular Argentinaning g‘alaba qozonishini shunchalik xohlagan bo‘lsa, nega boshqa jamoalarni ham musobaqaga chaqirishadi? Jahon chempionati marketing industriyasiga aylanib qolgani aniq”, deya xulosa qildi Misr terma jamoasi ustozi.

Ma’lumot uchun, Argentina chorak finalda Shveysariyaga qarshi maydonga tushadi. Jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada davom etmoqda va musobaqa joriy yilning 19 iyul kuni yakuniga yetadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing