Argentina Shveysariyani mag‘lub etib, yarim finalga chiqdi

Sport

image

Bugun, 12 iyul kuni 2026 yilgi Jahon chempionatining chorak final bahsida Argentina milliy terma jamoasi qo‘shimcha vaqtda Shveysariyani 3:1 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.

AQSHning Missuri shtati, Kanzas-Siti shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hisobni 10-daqiqada Aleksis Mak Allister ochdi. Shveysariya safida Dan Ndoye 67-daqiqada muvozanatni tikladi.

Uchrashuvning 72-daqiqasida bahsli vaziyat yuzaga keldi. Dastlab bosh hakam argentinalik yarim himoyachi Leandro Paredesga sariq kartochka ko‘rsatdi. Biroq VAR tavsiyasidan so‘ng qaror o‘zgartirildi va Shveysariya hujumchisi Brel Embolo simulyatsiya qilgani uchun ikkinchi sariq kartochka bilan maydondan chetlatildi. 

Uchrashuvning asosiy vaqti g‘olibni aniqlab bermaganidan so‘ng, qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tildi. 112-daqiqada Xulian Alvares goli jamoasini yana oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 120+1-daqiqada Lautaro Martines uchrashuvga nuqta qo‘ydi.

Shu tariqa, Argentina yarim finalga chiqdi va joriy yilning 15 iyul kuni Angliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Ma’lumot uchun, Argentina uch karra jahon chempioni va amaldagi mundial g‘olibi hisoblanadi. Murat Yakin boshchiligidagi Shveysariya terma jamoasi esa 1954 yildan buyon Jahon chempionatidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Shveysariyaliklar bungacha 1934 va 1938 yilgi mundiallarda yarim finalgacha yetib borgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing