Argentina “oltin pasport” dasturini ishga tushiradi
Olam
−
18:12 385 2 daqiqa
Argentina Janubiy Amerikada investitsiya evaziga fuqarolik olish imkonini beruvchi “oltin pasport” dasturini ishga tushirdi. Bu haqda Iqtisodiyot vaziri Luis Kaputo Parijda bo‘lib o‘tgan Argentina haftaligida e’lon qildi.
Joriy yilning 2 oktyabr sanasida Argentina Iqtisodiyot vaziri Luis Kaputo Vazirlar Mahkamasi rahbari Diyego Santili bilan birgalikda Parijda bo‘lib o‘tgan Argentina haftaligida mamlakatning investitsiya orqali fuqarolik dasturi ishga tushirilganini e’lon qilgan. Qayd etilishicha, dastur joriy yilning to‘rtinchi choragida arizalarni qabul qilish uchun operativ holatga keladi.
Argentina Iqtisodiyot vazirligining ma’lum qilishicha, yangi dastur doirasida fuqarolik olishni istagan xorijliklar ikki yo‘ldan birini tanlashi mumkin. Buning uchun Milliy g‘aznachilikka 350 ming AQSH dollari miqdorida qaytarilmaydigan badal to‘lash yoki 800 ming dollarlik davlat obligatsiyalarini sotib olish talab etiladi. Vazirlikning bildirishicha, hukumat bu orqali mamlakatga yirik sarmoyadorlarni jalb qilishni maqsad qilgan.
“Oltin pasport” egasining 25 yoshgacha bo‘lgan farzandlari hamda turmush o‘rtog‘i ham dasturda ishtirok etishi mumkin. Argentina fuqarolari, shuningdek, MERKOSURga a’zo va unga assotsiatsiyalangan davlatlar, jumladan Braziliya, Chili, Paragvay va Urugvay hududlarida yashashlari va ishlashlari mumkin.
Muvaffaqiyatli arizachilar keng ko‘lamli vizasiz sayohat qilish huquqini beruvchi hamda ko‘chib o‘tish majburiyatini yuklamaydigan Argentina fuqaroligini qo‘lga kiritadi, bu esa ushbu dasturni xalqaro miqyosda harakatlanuvchi investorlar uchun jozibador qiladi.
Arizachilar shaxsni tasdiqlash, mablag‘ manbasi, moliyaviy kelib chiqish, jinoiy va reputatsion ma’lumotlar, migratsiya tarixi hamda yurisdiksion xavf-xatarlarni qamrab oluvchi har tomonlama sinchkovlik bilan o‘tkaziladigan tekshiruv jarayonidan o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston xorijliklar uchun yangi “oltin viza” dasturini joriy qilayotgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu vizani olish uchun investorlar kamida 300 ming AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritishi lozim.
Live
Barchasi