Argentina Britaniyani Folklend bo‘yicha muhokamani qayta boshlashga chaqirdi
Olam
−
27 may 2399 2 daqiqa
Argentina Birlashgan Qirollikni Malvin (Folklend) orollari ustidan suverenitet masalasini muhokama qilishni qayta boshlashga chaqirdi. Bu da’vat Buyuk Britaniyaning yaqinda Chagos arxipelagini Mavrikiyga topshirgani fonida yangradi. Bu haqda Argentina Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Argentina tomoni Chagos masalasidagi kelishuvni “nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish mumkinligini ko‘rsatuvchi misol” deb atagan va bu voqeani “dekolonizatsiya jarayonida tarixiy ahamiyatga ega hodisa” sifatida baholagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 22 may kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Mavrikiy bilan Hind okeanining markazida joylashgan Chagos orollari ustidan suverenitetni o‘tkazishga doir kelishuv imzolanganini ma’lum qildi. Biroq bu orollardagi Diyego-Garsiya orolida joylashgan Britaniya-Amerika harbiy bazasi o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Malvin (Folklend) orollari Janubi-g‘arbiy Atlantika okeanida joylashgan bo‘lib, 2 asrdan buyon Argentina va Buyuk Britaniya o‘rtasida bahsli hudud bo‘lib qolmoqda. 1982 yil aprel oyida bu orollar harbiy mojaroga ham sabab bo‘lgan. O‘shanda Argentina mag‘lubiyatga uchragan. 2013 yil mart oyida orollarda o‘tkazilgan referendumda aholi katta ustunlik bilan Buyuk Britaniya hududi maqomini saqlab qolishni yoqlab chiqqan. Argentina esa bu natijalarni tan olmagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili oktyabr oyida Buyuk Britaniya Hind okeanidagi Chagos arxipelagi suverenitetini Mavrikiyga o‘tkazishga rozi bo‘lgani xabar qilingandi. Britaniya va Mavrikiy hukumatlari tomonidan qo‘shma bayonot e’lon qilingan bo‘lib, ushbu kelishuv “o‘tmishdagi xatolarni tuzatishga” qaratilgan hamda Chagos aholisining farovonligini ta’minlashga yordam berishni maqsad qiladi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr