Arab va Islom delegatsiyasi Xitoydan so‘ng Rossiya, Yevropa va AQSHga boradi

Olam

image

Misr, Indoneziya, Iordaniya, Nigeriya, Falastin, Saudiya Arabistoni va Turkiya Tashqi ishlar vazirlari hamda Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibidan iborat G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha aloqa guruhi Yaqin kunlarda Rossiya, Britaniya, Fransiya va AQSHga tashrif buyuradi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 20 noyabr kuni Xitoyda muzokaralar olib borgan delegatsiya bugun, 21 noyabr kuni Moskvaga tashrif buyuradi. Ayni vaqtda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Xitoydagi uchrashuvlarda qatnasha olmagan, shuningdek, u Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga Jazoirga tashrifi chog‘ida hamrohlik qilishi sababli Rossiya Federatsiyasidagi muzokaralarda ham qatnashmaydi.

G‘azo bo‘yicha aloqa guruhi ertaga, 22 noyabr kuni London va Parijga tashrif buyurishi kutilmoqda, u yerda ular Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan qabul qilinadi. Fidan bu uchrashuvlarda ishtirok etadi. Keyinroq delegatsiya AQSHga yo‘l oladi, biroq safar sanasi ma’lum qilinmagan.

Ta’kidlanishicha, aloqa guruhi Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasining qo‘shma sammitida qabul qilingan qarorga muvofiq tuzilgan. Delegatsiya zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini uzluksiz yetkazish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashining “Isroilga ta’siri bo‘lgan” davlatlari vakillari bilan uchrashishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Pekindagi Dyaoyutay davlat qarorgohida delegatsiya bilan uchrashgan Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I xalqaro hamjamiyatga Falastin-Isroil mojarosini samarali hal etish va inqirozning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun real qadamlar tashlashni taklif qilgandi. U  Falastin muammosi “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal qilinishi kerakligini ta’kidlagan. Delegatsiya tarkibida Pekinga borgan Misr Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri esa Xitoy kabi yirik o‘yinchilardan G‘azo sektoridagi qurolli mojaroga barham berish uchun ko‘proq harakat qilishini kutayotganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Frantsiya Arab davlatlari ligasi Buyuk Britaniya Xitoy G'azo Islom hamkorlik tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing