Arab va Islom delegatsiyasi G‘azo masalasida Xitoyga bordi

Olam

image

Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlarining qo‘shma sammiti yakunlari bo‘yicha tuzilgan ushbu tashkilotlarga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlaridan iborat delegatsiya bugun, 20 noyabr kuni Xitoyga bordi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi. 

Pekindagi Dyaoyutay davlat qarorgohida Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I delegatsiya vakillari bilan uchrashdi. U xalqaro hamjamiyatga Falastin-Isroil mojarosini samarali hal etish va inqirozning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun real qadamlar tashlashni taklif qildi.

"Xalqaro hamjamiyat inqirozli vaziyatning fojiali kuchayishiga chek qo‘yish uchun harakat qilishi va samarali choralar ko‘rishi kerak", deydi Xitoy TIV rahbari.

Van I Falastin muammosi “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal qilinishi kerakligini ta’kidlagan. U Pekinning Yaqin Sharqda tinchlikni tiklash uchun arab va islom davlatlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligiga ishora qilgan.

Delegatsiya tarkibida Pekinga borgan Misr Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri esa Xitoy kabi yirik o‘yinchilardan G‘azo sektoridagi qurolli mojaroga barham berish uchun ko‘proq harakat qilishini kutayotganini aytdi. 

"Biz Xitoy kabi nufuzli davlatlar G‘azo sektorida falastinliklarga qarshi hujumlarni to‘xtatish uchun ko‘proq harakat qilishini kutamiz. Afsuski, biz Isroilning hozirgi harakatlarini yashirishga tayyor qudratli davlatlar borligini ko‘ryapmiz", deydi Shukri. 

Shuningdek, u Isroilning Falastin aholisini G‘azodan majburan chiqarib yuborish rejalarini ham tanqid qilgan. 

“Falastinliklarning ko‘chirilishi qizil chiziq bo‘lib, mintaqa va butun dunyoda xavfsizlik va barqarorlikka tahdiddir. Bu masalada xalqaro huquq tamoyillarini himoya qilish mas’uliyati BMT Xavfsizlik Kengashi zimmasiga yuklanadi. Misr Rafah o‘tish joyi orqali G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini yetkazish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda, biroq Isroil yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qiluvchi va falastinliklarni G‘azoni tark etishga undashga qaratilgan tizimli siyosat olib bormoqda”, deya ta’kidlagan Shukri.

Xitoy TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Islom hamkorlik tashkiloti va Arab Ligasi delegatsiyasi 20-21 noyabr kunlari Pekinda bo‘ladi. Tomonlar yaqin kelajakda Falastin muammosini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Maslahatlashuvlardan maqsad Falastin-Isroil mojarosining avj olishini kamaytirish va tinch aholini himoya qilish, mintaqadagi inqirozli vaziyatni hal qilishda adolatli yechim topish uchun muvofiqlashtirishni kuchaytirishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 noyabr kuni Arab Davlatlari Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari Ar-Riyoddagi sammit yakunlari bo‘yicha G‘azo sektoridagi vaziyatni yaqin kelajakda hal qilish bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Arab davlatlari ligasi Xitoy Van I Islom hamkorlik tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing