Arab-islom liderlarining Qatardagi yig‘ini ilk birlashuv uchquni bo‘ldi

Tahlil

Qatar barcha musulmon mamlakatlarni bir joyga to‘pladi. Isroilga qarshi bo‘lgan kuchli davlatlar liderlari ham shu yerda edi. Qatar Amiri yahudiy davlatiga nisbatan keskin so‘zlarni keltirgan bo‘lsa, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa islom hamjamiyatida Isroil rejalarini yo‘qqa chiqaradigan kuch borligini baralla aytdi. Pokiston Tel-Avivga qarshi birlashishni ochiqchasiga taklif qildi. Bir so‘z bilan aytganda, Dohada AQSH-Isroil tandemiga qarshi ilk birlashuv uchqunlari ko‘zga tashlandi. Ammo bu birlik hozircha faqat so‘zda ekanini unutmaslik lozim. 

Shunday bo‘lishiga qaramay, nafaqat islom olamida, balki dunyo miqyosida ham Netanyaxu rejimiga qarshi kayfiyat alanga olgan. G‘arbning aksar davlatlarida hukumat darajasida bo‘lmasa ham aholi o‘rtasida G‘azodagi genotsidni to‘xtatish uchun harakatlar kuchaygan. Bu ishlar hozircha namoyishlar ko‘rinishida amalga oshirilmoqda. BMTda ham holat shunday. Tashkilot komissiyasi Isroilning sektordagi qing‘irliklarini genotsid deb malakaladi. Bundan tashqari, Bosh assambleyada ko‘pchilikning ovozi bilan Falastin davlatini barpo qilish ma’qullandi. Isroilning hamkorlari undan birin-ketin yuz o‘girmoqda. Birinchilardan bo‘lib Ispaniya bir necha yuz million dollarlik qurol borasidagi bitimni bekor qildi. 

Biroq Isroil va AQSH bu tendensiyaning birortasiga ham pinagini buzgani yo‘q. G‘azoda ko‘rsatilayotgan agressiya o‘zining yangi bosqichiga ko‘tarildi. Endilikda harakatlar genotsid uyushtirish bilan birga sektorni to‘liq okkupatsiya qilish yo‘lidan ketmoqda. G‘azo shahrining atrofi allaqachon egallangani aytilmoqda. Hududdan yuz minglab odamlar chiqib ketgan. Vaziyat juda jiddiy. 

Dohada Isroil zarbasidan so‘ng musulmon dunyosining ko‘plab liderlari jam bo‘lgan bir paytda AQSH butun islom olamiga signal berib, Tel-Avivga Davlat kotibi Marko Rubioni yubordi. Ha, hozircha vaziyat shunday tus olgan. Bugun shular haqida batafsil so‘z yuritamiz. 

Nihoyat arablar g‘azablana boshladi

Isroil Qatarda HAMAS yetkachilariga zarba berib, u uchun hech qanday chegara qolmaganini ko‘rsatganidan so‘ng, arab davlatlari va unga yaqin boshqa mamlakatlar ancha hushyor torgan bo‘lsa ajab emas. Shu bois, Doha chaqirig‘iga binoan 15 sentyabr kuni arab va islom davlatlari rahbarlarining favqulodda sammiti bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar tarkibi ancha qudratli. Eron va Turkiya Prezidentlari, Pokiston Bosh vaziri, Qatar Amiri, BAAning Nahayonlari, Saudlarning “qora shag‘zoda”si va boshqa Ko‘rfaz davlatlarining rasmiylari Dohada Isroilga qarshi bir joyda jam bo‘ldi. Ammo kutilganidek, ular eng uzog‘i bilan Isroilning Qatar poytaxtida HAMAS rahbarlariga qaratilgan hujumini qoraladi, bir ikki og‘iz keskin bayonotlar berishdi va bir-birlari bilan ba’zi masalalarda suhbatlashdi, xolos. Aniq choralar to‘g‘risida hech qanday qadam tashlanmadi. Faqat birgina Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashining “qo‘shma mudofaa mexanizmini ishga tushirish” va’dasi sammitdagi yagona amaliy natija bo‘ldi. Ammo bu haqda biroz keyinroq to‘xtalamiz. Hozir esa e’tboringizni Isroilning Dohaga qilgan hujumi va G‘azoda qilayotgan qirg‘inlari nihoyat arablarni yana g‘azablantira boshlaganiga to‘xtalsak. 

To‘g‘ri, Isroil tashkil topgandan buyon shu kungacha Yaqin Sharq mintaqasi aholisi urushlar ichidan chiqmadi. Ko‘rfaz va boshqa arab davlatlari yahudiy davlatining Falastinda qaror topishiga va u yerda aparteid zulmini o‘tkazishiga qarshi bir necha bor urush olib bordi. Ammo tarixdan ma’lumki, ular bu urushning hech birini yuta olmadi. Shundan so‘ng, hamma o‘z yo‘lida ketdi. Ko‘rfaz arab mamlakatlari ortida eng qudratli davlat turgan Isroilni yengib bo‘lmasligini tushundi va faqat iqtisodiy rivojlanish hamda o‘z aholisining farovonligini ta’minlashni tanladi. Ko‘p ehtimol, ular shu orqali bugungi darajasiga yetib keldi. Masalan, gap isboti o‘laroq, 1994 yilgi Dubayni yoki boshqa arab mamlakatlarining markaziy shaharlarini eslash kifoya.  Bu paytda esa dunyoda ikki qutblilik tugab, AQSH yakka gegemonga aylandi va mazkur o‘zgarish uning Yaqin Sharqdagi "jazmani" – Isroilga qo‘l keldi. 

Falastin yerlarini yanada ko‘proq okkupatsiya qilish, bu yerdagi arablarga qarshi zulm yanada kuchayib, to bugungacha davom ettirildi. Unga qardosh arab mamlakatlari esa bu voqealarni kuzatishda va o‘z yo‘lida rivojlanishda davom etdi. Chunki ular bungacha yillar davomida Isroilga qarshi kurashgandi, biroq bundan naf bo‘lmadi. 

Ammo bugunga kelib, Isroil uchun chegara qolmadi va bu o‘z o‘rnida arab davlatlari uchun ham endi xavotirli tus oldi. G‘azoda genotsid 2 yildan buyon davom etmoqda. Lekin shu davr ichida arab davlatlari Dohaga hujum qilinganidan keyin favqulodda sammitga yig‘ilganlaridek, harakat qilishmadi. Netanyaxu rejimi mintaqadagi istalgan davlatga zarba bera olishini so‘nggi 3 oy ichida isbotlagach, nihoyat Ko‘rfaz davlatlari va boshqalar xushyor tortdi. 15 sentyabrda Dohada bolib o‘tgan arab-islom sammitining favqullodda yig‘ilishini ochib bergan mezbon – Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘z nutqida mintaqadagi barcha davlatlarning Isroilga qarshi shakllangan g‘azab va nafratini aks ettirdi. Qatar Amiri o‘z mamlakati xiyonatkorona hujumga uchraganini aytdi. Bu bilan u qaysi davlat unga xiyonat qilganini ochiqlamadi. Balki Isroilning tinchlikka bo‘lgan xiyonatini aytgandir, yoki AQSHning to‘g‘ridan to‘g‘ri xiyonatini nazarda tutgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Amerika nashrlari Trampning bu hujum haqida oldindan xabardor bo‘lgani va unga rozilik bergani haqidagi xabarni berdi. Shuningdek, oddiy holatda AQSHning Dohadagi operatsiya markazi bilan aloqada bo‘lishi kerak bo‘lgan ayrim rasmiylar 9 sentyabrdagi hujum vaqtida “aloqa yo‘qolganini” aytdi. Bu esa operatsiyani amalga oshirish uchun maxsus ravishda aloqalar uzilganini anglatadi. 

Eng qizig‘i, agar bu da’volar haqiqatga yaqin bo‘lsa, Qatar va arab dunyosi rostmanasiga sharmandali xiyonatga uchragan bo‘ladi. Negaki, Ko‘rfazning boy arab monarxiyalari uzoq yillardan buyon xavfsizlik masalasida AQSHga tayanadi. Qatarda AQSHning mintaqadagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan. Isroil bombardimon qilgan bino esa Dohadagi AQSH elchisining qarorgohidan uzoq emas. Al Udeyd harbiy bazasidan esa bor yo‘g‘i 40 km masofada joylashgan. Bu chinakam xiyonat. Bundan boshqa hech narsa emas, ochig‘i. Aynan shu bois, Qatar g‘azab otiga mingan. Ammo Dohadagilar hozircha bu g‘azabini AQSHga emas, Isroilga qaratmoqda. Yaqin Sharqdagi manbalar Qatar hatto BAAdan yaqin hamkori sifatida o‘z hududidagi Isroil elchixonasini yopishni so‘ragani haqida yozmoqda. Ammo AQSHga trillionlab dollar investitsiya kiritgan Nahayonlar bunday ishni qilishga jazm etishi amrimahol. Boz ustiga, Abu-Dabi Ibrohim kelishuvlari doirasida ko‘rfaz davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib Isroilni tan olgandi va uning Falastinni bu tarzda sotishi juda arzonga, aniqrog‘i bir nechta F-35 samolyotlariga tushgandi.

Xullas, "Tana boshqa dard bilmas" naqli amalda qolaverishi mumkin. Lekin Qatar Amiri Isroilning harakatlari faqatgina Falastin yoki Qatarga emas, balki butun arab dunyosiga qarshi amalga oshirilayotganini ta’kidlab, barchani bundan ogohlantirdi. U sammitda Isroilning mintaqaviy ekspansiyasi jumladan, Livan, Suriya va Yamandagi qayta-qayta bombardimonlari, Suriya yerlarini egallab olishi va Janubiy Livandan chiqishdan bosh tortishi haqida ham gapirdi. Amirning so‘zlariga ko‘ra, Binyamin Netanyaxu “arab mintaqasini Isroil ta’sir doirasiga aylantirishni orzu qilmoqda, ammo bu – “xatarli illyuziya”. 

Sammitda Isroilga qarshi aniq siyosiy yoki iqtisodiy choralar e’lon qilinmadi. Qatar esa oldinroq hech bo‘lmaganda Tal-Avivga sanksiyalar joriy qilishi mumkinligiga ishora qilgandi. Achinarli tomoni shundaki, arab monarxiyalari qorong‘ulikka tosh otishda davom etyapti. Ular hamkorlaridan Isroilga qarshi bosimni kuchaytirish kerakligini so‘radi. Ammo qaysi hamkoridan? AQSHdanmi? Qatarni bir pulga sotgan Tramp ma’muriyatidanmi? Barchasi behuda. Ustiga-ustak, ushbu favqulodda sammitning yakuniy hujjati, asosan, qoralovlar va Qatarga hamdardlik ifoda etish bilan cheklandi. Ammo kichik bo‘lsada, boshlang‘ich natija ham yo‘q emas. Bu mudofaa sohasida keyingi birlashuvdir. 

Arablar Isroilga qarshi birlashishni boshladimi?

1981 yilda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik tashkilotiga asos solinadi. Unda bugungacha 6 ta a’zo davlat mavjud bo‘lib, bular Saudiya Arabistoni, BAA, Quvayt, Qatar, Ummon va Bahrayn kabi mamlakatlardir. Tashkilotning asosiy maqsadlari a’zolar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, harbiy, xavfsizlik va madaniy sohalarda hamkorlikni kuchaytirish, yagona bozor va bojlarsiz savdo hududini shakllantirish, ichki va tashqi tahdidlarga qarshi birgalikda harakat qilish va yagona valyutani joriy etish kabi ustuvor masalalardir. Ammo “arablar hech qachon kelishmaslikka kelishib olishgan”, deganlaridek, yuqoridagi ko‘plab maqsadlar hali-hanuz to‘liq bajarilmay qolib ketgan. Masalan, harbiy hamkorlik, tashqi tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish va yagona valyuta shular jumlasidandir. 

Biz e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan masala esa bu harbiy ittifoq ko‘rinoshidagi birlashuvdir. Chunki bu tashkilot o‘zining harbiy ittifoqiga ega bo‘lib, u “Jazira qalqoni kuchlari” deb nomlanadi. Bu kuchlar a’zolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuzilgan. Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarini o‘z ichiga olgan Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi a’zolarining xavfsizlikni ta’minlash uchun mudofaa pakti mavjud. Isroilning Dohaga qilgan hujumidan so‘ng, yaqin kunlarda Dohada yagona qo‘mondonlik sammiti chaqiriladi. Qizig‘i, bu tashkilotda hozirgacha yagona qo‘monlik tizimi joriy etilmagan. Isroil o‘z chegaralarini unutishi fonida bu tuzilma tez orada tuzilib qolishi mumkin. Qatar TIV vakili Muhammad Al-Ansoriy ham shunga ishora qilib, birlashgan qo‘mondonlik yig‘ilishi Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi davlatlarining xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlanishi va bugun bu hamkorlik kengashi a’zolari bir safda turganini aytdi. 

Ma’lumot o‘rnida shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi a’zolari 2000 yilda qo‘shma mudofaa shartnomasiga imzo chekkan edi. Unga ko‘ra, bir davlatga hujum – huddi NATOdagi kabi – butun a’zolarga qilingan hujum hisoblanadi. Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi “Qatarning xavfsizligi, barqarorligi va suverenitetini har qanday tahdidlarga qarshi himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilishga tayyor”ligini bildirdi. Biroq bu borada yetarlicha shubhalar bor. Negaki, Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashining umumiy himoya majburiyati NATOdagidek qat’iy emas. Chunki yuqorida ta’kidlanganidek, bu yerda yagona harbiy qo‘mondonlik tizimi yo‘q. Bundan tashqari, o‘tgan davr mobaynida tashkilot a’zolarga nisbatan qilingan hujumlar, masalan, Yaman husiylari tomonidan Saudiya va BAAga berilgan zarbalar vaqtida Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi o‘z paktiga muvofiq qo‘shma mudofaa choralarini ko‘rmagan. Shunga qaramay, Ko‘rfaz rahbarlari allaqachon Isroilning Livan, Suriya va Erondagi tajovuzkorona harakatlaridan tashvishga tushgan edi. AQSHning Isroil hujumlariga beparvoligi ham Ko‘rfazni xavotirga solmoqda. 

AQSH Isroil “ortidan tozalashda” davom etmoqda

Dohada sammit ketayotgan paytda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Isroilda yig‘i tog‘ini o‘payotgan edi. U Netanyaxu bilan uchrashish orqali islom olami Qatar atrofida birlashayotgan bo‘lsa, AQSH Isroil ortida turishda davom etishiga ishora qildi. Rubio bilan qo‘shma matbuot anjumanida Netanyaxu o‘z tahdidlarini davom ettirdi va bu safar ushbu ro‘yxatni yanada kengaytirdi. Isroil Bosh vaziri HAMAS a’zolari saqlanayotgan davlatlarga yana zarba berish ehtimolini istisno etmadi. Harakat yetkachilari esa Turkiya, Misr va Qatarda turli vaqtlarda o‘z faoliyatini amalga oshirib kelgan. Netanyaxu esa bu gapi bilan Anqaraga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid qilgani ko‘rinib turibdi. Bu ham yetmaganidek, u Qatarga zarba berib bo‘ldi, ba’zi xabarlarga ko‘ra esa,  Misrda ham HAMAS amaldorlarini o‘ldirishga uringan bo‘lishi mumkin. O‘z-o‘zidan navbat Turkiyaga kelgani ko‘rinib turibdi.

Rubio esa Isroilning Qatarga hujumiga qarshilik bildirmadi. Bu orada, Tramp chalkash bayonot berdi va u AQSHning hujumdagi ishtirokiga ishora qilgandek bo‘ldi hamda keyingi Isroil zarbalarini istisno etmadi. AQSH Davlat kotibi esa Qatarning vositachilik ro‘lini sariq chaqaga ham ilmadi va shunchaki HAMASni “terroristik guruh, uning maqsadi – yahudiy davlatini yo‘q qilish” deb atadi. U Qatar bir necha yildan buyon harakat qilib kelayotgan otashkesimdan naf chiqmasligini aytish orqali Doha "yuziga oyoq qo‘ydi". Shuningdek, Rubio Netanyaxuga Vashington Isroilning G‘azodagi hujumini qo‘llab-quvvatlashi, biroq uni tez va qisqa muddatda yakunlash kerakligini bildirgan. Qayd etilishicha, so‘nggi haftalarda Isroil armiyasi G‘azoga hujumlarni kuchaytirib, shaharda yashovchi falastinliklarni janubga ko‘chishga da’vat etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoni 300 mingga yaqin aholi tark etib bo‘lgan. Falastinlik rasmiylar “Al Jazeera” nashriga G‘azoga qilingan havo hujumlari haqida xabar bergan. Nashrning yozishicha, shaharga tanklar kiritilgan. Ma’lumotga ko‘ra, zarbalar shu darajada daxshatli tus olganidan uning ovozi nafaqat G‘azoda, balki Isroilning markazida ham eshitilgan. OAVning yozishicha, Isroil armiyasi 20 daqiqa ichida 37 marta zarba bergan, ulardan ayrimlari jangovar vertolyotlardan amalga oshirilgan. 

Esingizda bo‘lsa, G‘azoni bosib olish qarori avgust oyi boshida qabul qilingan edi. Biroq ayrim yuqori lavozimli isroillik harbiylar, jumladan, Bosh shtab boshlig‘i Eyal Zamir bunga qarshi chiqqan, keyinchalik esa reja amalga oshirilishini ma’qullagan. Armiya ma’lumotiga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari shahar chekkalarini allaqachon nazoratga olgan. AQSH esa bu vaxshiy bosqinning asosiy qo‘llovchisi bo‘lib qolmoqda.

Isroilga qarshi birlashuv uchqunlari

Dohadagi sammitning qo‘shma bayonoti aniq choralarni o‘z ichiga olmagan bo‘lsa-da, bir nechta davlat rahbarlari qat’iyroq takliflar bilan chiqdi. Kutilganidek, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an katta fenomenga aylandi. U dunyo davlatlarini Isroilga qarshi iqtisodiy bosim o‘tkazishga chaqirdi va buning o‘tmishda samara berganini ta’kidladi. Shuningdek, Erdo‘gan Isroil rasmiylarini xalqaro huquqiy mexanizmlar orqali sud qilishni taklif qildi. U islom olami Isroilning bosqinchilik orzusini barbod qila oladigan salohiyatga ega ekani takidladi. Erdo‘g‘an kecha Isroilni qo‘llagan davlatlar ham bugunga kelib uning harakatlarini ortiq yoqlamayotganini ham qo‘shimcha qildi. 

Shu kuni Qatar Amiri va Turkiya yetkachisi Isroilga qarshi turgan eng katta shaxslar sifatida namoyon bo‘ldi. Sammitdagi eng ko‘zga ko‘ringan holat ham aynan ular o‘rtasida sodir bo‘ldi. Erdo‘g‘an Ol Soniyga “zafar Allohdandir” deb yozilgan katta san’at asarini sovg‘a qildi. Qatar Amiri esa Turkiya Prezidentiga uning eng yaxshi do‘sti ekanini bildirdi.

Dohadagi sammitda boshqalar ham jim turmadi. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif eng keskin choralar haqida so‘z ochdi. U hatto BMTda Isroil a’zoligini to‘xtatish va arab-islomiy qo‘shma guruh tuzishni taklif qildi. Pokiston Bosh vaziri Shaxboz Sharif Tel-Avivning ekspansionist harakatlariga qarshi kurashish uchun arab-islom operativ guruhi tuzish zaruratga aylanganini qayd etib, barchani bunga jiddiy e’tibor berishga chaqirdi. 

Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim esa “qoralovlar raketalarni to‘xtatmasligini, bayonotlar Falastinni ozod qilmasligini” aytib, Isroilga nisbatan qattiq sanksiyalar hamda u bilan diplomatik-iqtisodiy aloqalarni uzishni taklif qildi. Albatta, uning bu taklifi eldan burun Isroil bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatib olgan BAA, Bahrayn, Misr va boshqalarga ta’sir qilganmi yoki yo‘q, bunisi noma’lum. Lekin Nahayonlar oilasi va shunday ishni qilgan boshqa liderlar shu yerda edi. 

O‘z o‘rnida, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham musulmon davlatlarini Isroil bilan aloqalarni uzishga chaqirdi. 

Sammitda O‘zbekiston nomidan qatnashgan Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Prezident Shavkat Mirziyoyevning favqulodda arab-islom sammiti ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini yetkazdi. Shavkat Mirziyoyev bayonotida birodar Qatar xalqi va barcha musulmon mamlakatlari bilan mustahkam birdamligini qayd etib, Yaqin Sharqda tinchlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan so‘nggi harbiy tajovuzni keskin qoralagan.

Isroil uchun muammolar zanjiri avj oldi

Dunyo Isroildan jirkanmoqda. Netanyaxu rejimi uchun muammolar zanjiri boshlandi. Xalqaro tashkilotlardan tortib-yakka tartibdagi choralarga qadar Tel-Aviv borgan sari o‘z hamkorlari va yaqin ittifoqchilarini yo‘qotmoqda. Masalan, 12 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi Falastin–Isroil mojarosini hal qilishda “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyiliga qaytishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Ovoz berishda 142 davlat, jumladan, O‘zbekiston ham rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan. Qarshi chiqqanlar soni o‘n nafar bo‘lib, ular orasida doimgidek AQSH va Isroilning o‘zi bor edi. Qolgan 12 mamlakat esa ovoz berishda betaraf qolgan. Rezolyutsiya muallifi esa Fransiya va Saudiya Arabistonidir. 22 sentyabr kuni esa BMT Bosh Assambleyasi doirasida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Falastin davlatini tan olishi kutilmoqda. Unga ergashuvchi yana bir nechta davlatlar ham bor. Ularning aksari Yevropa va Isroilga hamkor bo‘lgan boshqa G‘arb davlatlaridir. 

Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin hududi bo‘yicha mustaqil xalqaro tergov komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid” deb tan oldi. Hisobotda aytilishicha, Isroil hukumati G‘azo sektoridagi falastinliklarning reproduktiv qobiliyatini guruh sifatida qisman yo‘q qilgan, shu jumladan, tug‘ilishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llagan va falastinliklarni ataylab jismonan yo‘q qilishga intilgan. Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa BMT hisobotini rad etib, u “HAMAS yolg‘onlari”ga asoslanganini ta’kidladi. Shuningdek, Tel-Aviv BMTning mazkur xalqaro komissiyasini tarqatib yuborishga chaqirdi. 

Ammo bu Isroil uchun so‘nggi muammo emas. U hamkorlaridan va oldingi shartnomalaridan ham ayrilmoqda. Jumladan, Ispaniya Mudofaa vazirligi Isroilning Elbit Systems kompaniyasi bilan PULS artilleriya tizimini yetkazib berishga oid 700 million yevrolik shartnomani bekor qildi. Qayd etilishicha, ushbu qaror G‘azodagi urush fonida Madrid va Tel-Aviv o‘rtasidagi munosabatlarning uzilishini yanada kuchaytirgan hamda Isroilning Rafael Advanced Defense Systems kompaniyasidan 285 million yevrolik Spike LR 2 tankka qarshi raketa shartnomasining to‘xtatilishidan keyin qabul qilingan. Kelishuvni bekor qilish qarori Ispaniyaning Isroildan texnologik qaramlikni “nolga tushirish” istagini bildiradi. Hozir Ispaniya Raytheon va  Lockheed Martin kabi Amerika kompaniyalarning muqobil variantlarini, jumladan, Javelin raketa majmuasini ko‘rib chiqmoqda. 

Ma’lumot uchun, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Yevropada Isroilni eng keskin tanqid qiluvchilardan biri hisoblanadi. U bungacha G‘azodagi “vahshiyliklar va genotsid”ni qoralab, Isroilni xalqaro sport musobaqalaridan chetlatishga chaqirgan. Bundan tashqari, u “genotsidga hamkorlik” qilishni tugatish uchun ham to‘qqizta chorani e’lon qilgan. Ularning orasida qurol yetkazib berishga to‘liq embargo, harbiy jinoyatlarga aloqador isroillik amaldorlarga mamlakatga kirishni taqiqlash, harbiy hamkorlikni to‘xtatish va falastinliklarga gumanitar yordamni kengaytirish kabi qat’iy choralar bor.

Isroilning Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa Qatar va Xitoy Isroilni izolyatsiya qilishga urinyapti, deya nolimoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar va Xitoy “sun’iy intellektga ulkan mablag‘ tikmoqda”, shu orqali ular “an’anaviy OAVdan ham kuchliroq qudratga” ega bo‘lyapti. Netanyaxuning aytishicha, izolyatsiya boshqa sohalarga ham kengayishi mumkin. Masalan, an’anaviy OAV ham bunga qo‘shilganmish. U, shuningdek, Isroil mudofaa sanoati blokadaga uchrashi mumkin bo‘lgan vaziyatga duch kelishi xavfini qayd etgan. Masalan, Ispaniya buning yaqqol misoli. 

Ha, Isroil tez fursatlarda yolg‘iz qolishi ehtimoli yuqorilab bormoqda. Hatto bugunning o‘zida uning AQSHdan o‘zga ittifoqchisi va G‘azodagi genotsidini qo‘llovchi davlat qolmadi. Biroq bu ham uzoqqa cho‘zilmasligi kutilmoqda. Qonxo‘r jallod Netanyaxu o‘zi bilan AQSHning yetakchi davlat maqomini ham tugatib borayotgani rost. Chunki bugun AQSHning G‘azo bo‘yicha pozitsiyasi unga ergashadigan davlatlarning hafsalasini pir qilmoqda. Endi rostdan ham Isroil G‘azoga va o‘ziga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarga emas, aynan AQSHga zarba beryapti, deb bemalol aytish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Doha Qatar Isroil Bin'yamin Netan'yaxu arab-islom sammiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing