APLda ish haqi chegarasi joriy etilishi mumkin
Sport
−
16 Oktabr 1390 1 daqiqa
Angliya Premer-ligasi yaqin oylarda klublarning ish haqi xarajatlarini cheklovchi yangi tizimni joriy etish masalasida qaror qabul qilishi kutilmoqda. Maskur qaror Premer-liga klublari orasida ovozga qo‘yiladi. Bu haqda “The Times” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 2023-2024 yilgi ma’lumotlarga asoslanilsa, bu limit klublarga taxminan 550 million funt sterling (630 million yevro) sarflash imkonini beradi. Biroq qaror kuchga kirishi uchun 20 klubdan kamida 14 tasi uni qo‘llab-quvvatlashi lozim, biroq “Manchester Siti” va “Manchester Yunayted” jamoalari yangi tizimga qarshi chiqmoqda. Ularning fikricha, bu cheklov Yevropadagi raqobatbardoshlikka putur yetkazishi mumkin.
Hozirda Angliyada umumiy ish haqi limiti mavjud emas, biroq UEFA Yevropa musobaqalarida qatnashuvchi klublarga daromadlarining 70 foizidan ortig‘ini maosh va transferlarga sarflashni taqiqlaydi. Shu sababli, ayrim jamoalar, jumladan, “Aston Villa” yozgi transfer oynasida katta xarajatli transferni amalga oshirolmagan.
Yangi modelga ko‘ra, klublar o‘z daromadlarining 85 foizidan ortig‘ini futbolchilarga sarflay olmaydi. Shu bilan birga, Angliya o‘yinchilar assotsiatsiyasi (PFA) bu tashabbusdan xavotirdaligini bildirmoqda, chunki bu o‘yinchilarning maoshlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ma’lumot uchun, mazkur taklif bo‘yicha yakuniy ovoz berish noyabr oyida Premer-liga klublarining navbatdagi yig‘ilishida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi