Antikorrupsiya Nazarboyevlar oilasining ofshorlarini tekshirishi mumkin, lekin...
Olam
−
18 fevral 2022
8098Qozog‘istonning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev oilasining ofshordagi hisoblarini faqat qonuniy asoslar mavjud bo‘lganda tekshirishga haqli. Bu haqda agentlik direktori Marat Ahmadjonov parlament Majlisining yalpi yig‘ilishida ma’lum qildi.
U Majlisda noqonuniy olib qo‘yilgan mablag‘larni qaytarish yo‘llari haqida gapirdi. Yig‘ilganlardan biri Ahmadjonovga Nazarboyevlar oilasining chet elga pul mablag‘larini noqonuniy olib chiqib ketgani haqidagi xabarlar tekshiriladimi yoki yo‘qmi, degan savolni berdi.
“Bu shaxslarga nisbatan agar ob’ektiv ma’lumotlar bo‘lsa, tekshiriladi”, deya javob berdi u.
Marat Ahmadjonov Qozog‘istondan mablag‘larning noqonuniy olib qo‘yilgani haqidagi ma’lumot ayblanuvchilarning ism-shariflaridan qat’i nazar, tegishli organlar tomonidan tekshirilishini ham qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, agentlik direktori Qozog‘istondan mablag‘lar olib chiqilayotgani haqidagi xabarlarni tekshirish vakolati boshqa agentlikda ekanini aytdi.
“Sobiq Prezident Nazarboyevning oilasi tomonidan pul olib chiqib ketilishiga kelsak, bunday tekshiruvda Moliyaviy monitoring agentligi ishtirok etishi kerak. Chunki mablag‘lar harakatini nazorat qilish ularning bevosita mas’uliyatidir”, deydi Marat Ahmadjonov.
Qozog‘istonni qariyb 30 yil boshqargan Nursulton Nazarboyev 2019 yilning 20 martida prezidentlikdan ketgan, biroq keyin Xavfsizlik kengashi raisi, iqtidordagi “Nur Otan” partiyasi yetakchisi va Qozog‘iston xalqi assambleyasi rahbari lavozimlarini saqlab qolgan edi. 2021 yilning aprelida Nazarboyev Xalq Assambleyasi raisi lavozimini tark etish va bu vakolatlarni respublikaning amaldagi rahbariga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi.
Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisi vakolatlarini joriy yilning 5 yanvar kuni, mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar davrida Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi. “Nur Otan” partiyasi 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari qurultoyida sobiq Prezident tomonidan nomzodi taklif etilgan To‘qayevni rais etib sayladi.
18 yanvar kuni Nazarboyev tartibsizliklar boshlanganidan beri ilk bor Qozog‘iston xalqiga murojaat qilib, To‘qayev Qozog‘istonda to‘liq hokimiyatga ega ekanligini, o‘zi esa nafaqadaligini aytdi. Shu bilan birga, u "elitadagi mojaro yoki qarama-qarshilik" haqidagi mish-mishlarni rad etdi.
LiveBarchasi