Antibiotiklar koronavirusni davolamaydi – farmatsevt

Jamiyat

image

Koronavirusga chalingan bemorlar orasida osma ukol va atibiotiklarni olish hozirda urfga aylandi. Juda ko‘p bemorlarning o‘zboshimchalik bilan turli antibiotiklarni qabul qilish holatlari ham uchrab turibdi. Aslini olganda ham antibiotiklar organizmda tushganda virusga qarshi kurasha oladimi? Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Muhabbat Ibragimova antibiotiklar koronavirusga qarshilik qila olmasligini aytdi.

“Eng avval aytish kerak bo‘lgan gap shu: antibiotiklar koronavirusni davolamaydi. Chunki antibiotik bakteriyalarga qarshi vosita, virusga ta’sir etmagani yetmaganidek, uning tarqalishiga sharoit yaratib beradi. Antibiotiklarni retseptsiz va tartibsiz qabul qilish organizmda chindan ham antibiotikka zarurat tug‘ilganda u ta’sir qilmay qolishiga olib keladi. Buning sababi organizmda antibiotikka nisbatan chidamlilik paydo bo‘lgan bo‘ladi”, dedi Muhabbat ibragimova. 

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan antibiotiklarga nisbatan chidamlilik va multichidamlilik atamalari qo‘llaniladi. Chidamlilik faqat bir antibiotikka nisbatan paydo bo‘lsa, multichidamlilikda bemorga hech qanday antibiotik ta’sir qilmay qoladi. Buning oqibatlari juda yomon.

Ekspertga ko‘ra, koronavirus dastlab tarqala boshlagan paytda odamlar uni shamollash deb o‘ylab, antibiotiklarni shifokor retseptisiz ham qabul qildi. Koronavirusga chalinganda antibiotik iste’mol qilinsa, kasallikka ta’sir qilmaydi. Chunki uning sababchisi bakteriya emas, virus bo‘ladi. Bemorning ahvoli og‘irlashib, immunitet kuchsizlanadi. Agar bemor shunday sharoitda in’etsion va infuzion vositalar bilan uyda muolaja olsa, oqibati o‘lim bilan yakunlanish xavfi bor.

Hozirda antibiotiklarni noto‘g‘ri qo‘llash natijasida dunyoda yiliga 700 ming kishi vafot etadi. Bu koronavirusdan vafot etayotganlardan kam ko‘rsatkich emas. JSSTning ma’lum qilishicha, antibiotiklardan foydalanish tartibga olinmasa, 2050 yilga borib bundan yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin.

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

127

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing