Anqara SHHTdagi ishtirok uchun YeIga hisob bermaydi – Erdo‘g‘an

Olam

image
0:00
0:00
download

Rasmiy Anqara Shanxay hamkorlik tashkilotidagi ishtirok uchun Yevropa Ittifoqi oldida hisob bermoqchi emas. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an PBS telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Yevropa Ittifoqi bizni 52 yil ushlab turadi, unga yaqinlashishga ruxsat bermaydi va keyin so‘raydi: “Nega u bu yurt bilan uchrashdi, nega boshqa bilan uchrashdi?”. Men muzokara qilaman. Bu muzokaralarni olib borish bilan biz hozirda Yevropa Ittifoqi oldida javobgar emasmiz”, dedi siyosatchi PBS telekanaliga bergan intervyusida.

Turkiya rahbari butun dunyo davlat rahbarlari, jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashishini ta’kidladi.

“Men barcha davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqdaman. Chunki biz hammamiz bu dunyoning bir qismimiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvlar chog‘ida unga hech kim bunday savollar bermaganini, shuningdek, SHHT a’zolari bilan bo‘lgani kabi ular bilan ham muloqot o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Avvalroq Germaniya parlamenti a’zolari Erdo‘g‘anning SHHTdagi ishtiroki uchun Turkiyaga iqtisodiy choralar ko‘rish kerakligini aytib chiqqandi.

Eslatib o‘tamiz, 17 sentyabr kuni Erdo‘g‘an Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitidan so‘ng, Anqaraning tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lish istagi borligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala SHHTda “yaqin davrga raislik qiladigan Hindistondagi muzokaralar kun tartibiga” kiradi.

15-16 sentyabr kunlari Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 44 ta hujjat imzolandi. Xususan, Eron SHHTda majburiyat memorandumini imzoladi. Shuningdek, Belarusni tashkilotga a’zolikka qabul qilish tartibining boshlanishi to‘g‘risidagi hujjat tasdiqlandi.

SHHT 2001 yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Tashkilotga Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. Kuzatuvchilar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, muloqot bo‘yicha hamkorlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka. 2021 yil sentyabr oyida Dushanbeda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Eronni tashkilotga qabul qilish va Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish tartibi boshlangan edi. Joriy yilda Belarus SHHTga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun rasman ariza topshirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

293

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing