Angrenda zamonaviy temir yo‘l vokzali barpo etildi
Jamiyat
−
01 iyun 2019
4551O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Toshkent viloyatining Angren shahriga tashrif buyurdi.
Davlat rahbarining avvalgi tashrifi chog‘ida belgilab berilgan vazifalar asosida Angrenda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Angren temir yo‘l vokzali barpo etildi.
Angren transport kommunikatsiyalari jihatidan muhim strategik hudud. Toshkentni vodiy bilan bog‘lovchi temir yo‘l qurilganidan keyin uning ahamiyati yanada ortdi. Lekin vokzal yo‘qligi bois yo‘lovchilar uzoq stansiyalarga borishga majbur bo‘lardi. Yangi vokzal shahar aholisi va turistlar uchun katta qulaylik yaratadi.
Vokzalda bir vaqtning o‘zida 100 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Kutish zali, ona va bola xonasi, tibbiy punkt, ovqatlanish va savdo shaxobchalarida barcha sharoit yaratilgan.
Prezident vokzalda yo‘lovchi va xizmatchilar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.
Shu yerda Toshkent viloyatida turizm, energetika, kimyo, metallurgiya sohalaridagi istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Shavkat Mirziyoyev “Chorvoq” erkin turistik zonasida xalqaro dam olish maskanlari, Beldirsoy, Chimyon va Nanay hududlarida Fransiya kompaniyalari konsorsiumi ishtirokida tog‘-chang‘i kurorti barpo etish loyihalariga alohida ahamiyat qaratdi.