Angren shahriga olib kiruvchi magistral trassa ko‘prigi qulab tushdi (video)
3-sahifa
−
14 may 8611 3 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Angren shahrida joylashgan “Qorabog‘soy” ko‘prigining qulab tushgani haqida videolavha tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, kecha, 13 may kuni taxminan soat 20:00 da A 373 “Toshkent-Ohangaron- Angren-Qo‘qon-Shahrixon-Andijon” avtomobil yo‘lining 85-kilometridagi “Qorabog‘soy” ko‘prigi chetidagi oxirgi oraliq qurilmasi, ya’ni piyodalar yo‘lagi sinishi oqibatida ushbu yo‘nalish bo‘yicha avtomobillar harakati vaqtincha cheklanib, harakatlanish vaqtincha D 019 “Angren shahrini aylanib o‘tish” avtomobil yo‘liga o‘tkazilgan.
“O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Ko‘prik va sun’iy inshootlarni diagnostika qilish bo‘limi mutaxassislari tomonidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining murojaatiga asosan qisqa muddatda mazkur ko‘prikda o‘rganish ishlarini amalga oshirib, tegishli xulosani taqdim etgan.
Unga ko‘ra, ko‘prik konstruksiyasi texnik holati o‘rganilganda oraliq qurilma to‘sinlarining ma’naviy eskirgani, to‘sinlarning amaldagi yuklamalarni ko‘tara olmasligi, ko‘prik ustki qoplamasi qalinligi me’yoridan ortib, to‘sinlarga ortiqcha yuk berayotgani, to‘sinlar o‘zaro yaxlit bo‘lmay, alohida element sifatida ishlayotgani hamda ko‘prik ustki qoplamasidagi yoriqlardan va qatnov qismi qoplamasining chekka qismlaridan oqib tushgan suvlar to‘sinlarni butun tanasi bo‘ylab tarqalib, korroziyaga uchratayotgani, to‘sinlardagi yoriqlardan suv sizib kirib ishchi armaturalarini ham korroziyaga uchratayotgani aniqlangan.
“Ko‘prikning umumiy texnik holati qoniqarsiz holatda deya baholanadi va kelgusida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarining oldini olish maqsadida ko‘prikda to‘liq rekonstruksiya ishlarini olib borish lozimligi, ko‘prik joylashgan avtomobil yo‘li I toifaga to‘g‘ri kelgani, ko‘prik gabariti avtomobil yo‘liga mos emasligi, avtomobillar harakatida aynan ko‘prik joylashgan oraliqda tirbandliklar hosil bo‘layotganini inobatga olib, ko‘prik rekonstruksiya ishlari doirasida avtomobil yo‘li toifasiga va zamonaviy A 14, NK 100 me’yoriy talablarga mos bo‘lgan yangi ko‘prikni qurish maqsadga muvofiqligi aytib o‘tilgan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, A 373 “Toshkent-Ohangaron-Angren-Qo‘qon-Shahrixon-Andijon” avtomobil yo‘lining 85-kilometrida joylashgan “Qorabog‘soy” ko‘prigi 1969 yilda MSU-14 trest UZ moststroy tomonidan qurilib, foydalanishga topshirilgan. 1995 yilda rekonstruksiya qilingan. Ko‘prikning 3 oraliqli sxemasi 3x22.2 metr uzlukli sxemada II toifali avtomobil yo‘liga mo‘ljallab qurilgan. Umumiy uzunligi 66.6 metr, ko‘prikning oraliq qurilmalari kengligi 1.6 metr, uzunligi 22.2 metr, gabariti 1.3+0.30+14.05+0.30+1.3 metr. Ko‘prikning balandligi 4.80 metr, qatnov qismining kengligi 2*6.55 metr, yo‘lakning kengligi 2*1.30 metr, ajratuvchi tasmalar kengligi 0.96 metr, ko‘prik osti o‘tish gabarit balandligi 4.80 metr, qatnov qismi qiyaligi -1 foiz, ko‘ndalang -3 foiz, me’yoriy yuklama N-30 tonna, NK-80 tonna. Avtomobil yo‘li 16-toifaga mansub.
Live
Barchasi