Angren IES havoni ifloslantirgani uchun yarim milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lashi belgilandi
Jamiyat
−
16 mart 2024 2881 2 daqiqa
Toshkent viloyatida joylashgan “Angren issiqlik elektr stansiyasi” (Angren IES)ga nisbatan atmosfera havosiga yetkazilgan zarar uchun jami 533 million 683 ming 525 so‘m kompensatsiya to‘lovi belgilandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, vazirlikning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Angren IES faoliyati tekshirilgan va korxonaning 1- va 3-manbalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan tashlamalar tarkibini o‘rganish bo‘yicha tahlil namunalari olingan.
“Natijada 1-manbada uglerod oksidi belgilangan me’yordan 4,37 barobar (8,3209 g/s (1,9022 g/s), azot oksidi 7,68 barobar (31,7488 g/s (4,1321 g/s), 3-manbada esa azot oksidi me’yordan 15,24 barobar yuqori ekanligini (42,3119 g/s (2,7757 g/s) ma’lum bo‘ldi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Holat bo‘yicha 2023 yil 4-choragi va 2024 yil yanvar-fevral oylarida atmosfera havosiga tashlanadigan tashlamalar me’yoridan oshgani uchun qo‘shimcha ravishda 140 million 781 ming 348 so‘m kompensatsiya to‘lovi belgilangan.
Shuningdek, IESga 2022-2023 yillardagi faoliyati davomida atmosfera havosiga tashlangan tashlamalar va ko‘mir kuli chiqindisi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi 202-sonli qaroriga asosan hisob-kitob qilinganligi ko‘rib chiqilganda, korxonaning chang-gaz tozalash uskunalari samaradorligi hisobga olinmaganligi sababli 2022 yil uchun qayta hisob-kitob qilingan va qo‘shimcha ravishda 263 million 739 ming 791 so‘m va 2023 yil uchun qo‘shimcha ravishda 129 million 162 ming 386 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.
Shunday qilib, korxonaga nisbatan atmosfera havosiga yetkazilgan zarar uchun jami 533 million 683 ming 525 so‘m kompensatsiya to‘lovi belgilandi.
Bundan tashqari, tekshiruv ishlariga to‘sqinlik qilgan Angren IES xodimi D.M.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-prim 6 moddasi (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, shuningdek uning ko‘rsatmalarini bajarmaslik) bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborish uchun tayyorlanayotgani bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2 fevral kuni Toshkent issiqlik elektr stansiyasida mazutdan foydalanilayotganligi aniqlangan va IES atrof-muhitni ifloslantirgani uchun 1 mlrd 23 mln so‘m (atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun 759 mln, neft mahsulotlari bilan yerni ifloslantirganlik uchun 264 mln) miqdorida jarimaga tortilgandi. 6 fevralda esa Yangi Angren IESning atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli moddalar belgilangan me’yorlarga nisbatan yuqori ekani aniqlandi va u 1 mlrd 3 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Energetika vazirligi esa issiqlik stansiyalari va issiqlik markazlari mazutdan foydalanishining Toshkentdagi havo ifloslanishi bilan bog‘liqligini rad etdi.
Live
Barchasi