Anemiya: “Sizlar kam go‘sht yeyapsizlar”
Salomatlik
−
29 Oktabr 2020
8976Farzandingizda surunkali charchoq, uyqusizlik, bosh aylanishi, holsizlanish, teri qurishi, soch sinuvchanligi, ruhiy tushkunlik, asabiylashish va bezovtalanish kabi belgilarni sezsangiz zudlik bilan shifokorga murojaat qiling. Negaki, bu belgilar dunyo aholisining chorak qismida uchraydigan anemiyaga tegishlidir.
Xo‘sh, anemiya, ya’ni kamqonlik o‘zi nima? Bu kasallik emas, balki qon tizimining birlamchi shikastlanishi yoki unga aloqasi bo‘lmagan aksariyat kasallik va patologiyalar bilan bog‘liq bo‘lgan simptom sanaladi. Bu simptom yetishmasligi bolalarda, ayniqsa, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Anemiyaning yuzaga kelishi tashqi va ichki, nasliy va orttirilgan, homiladorlik va tug‘ilgandan keyingi omillar bilan bog‘liq.
Ko‘p hollarda homilador ayollarda temir moddasiga bo‘lgan talab ikki karra ortadi. Biroq, meva-sabzavotlar, go‘sht mahsulotlarini to‘yib iste’mol qilmaslik oqibatida onadagi kamqonlik chaqaloqqa o‘tadi.
Bola tanasi tez rivojlanadi. Uning o‘z quvvat “zaxirasi” bo‘lishi kerak. Bu “zaxira”ning asosi esa qon bilan bog‘liq. To‘yib ovqatlanmaslik, vitaminga boy mahsulotlarning iste’mol tanqisligi ham anemiyaga sababchi bo‘lishi mumkin. Bolalarda jismoniy va aqliy rivojlanishdan orqada qolish, qolaversa, surunkali va yuqumli kasalliklarga moyillik holatlari ham uchrab turadi.
Kamqonlikning klinik belgilari avvalo terida sezila boshlaydi. Bola tanasi oqarib mayinlashadi. Bundan tashqari, tirnoq va sochlarning zaiflashishi, til yallig‘lanishi va yuzaki yaralar ham anemiyadan ogohlantiruvchi begilardir.
Yuqoridagi belgilarning aksiriyatini har birimiz boshimizdan o‘tkazganmiz. Lekin bu bilan bizni hech kim kamqonlikda ayblolmaydi. Anemiyani aniqlash uchun qon tekshiruvidan o‘tish talab etiladi. Qondagi eritrotsitlar va gemoglobin sonining ko‘rsatkichlarigina vaziyatga oydinlik kiritishi mumkin.
Qon yetishmovchiligining keng tarqalgan turlaridan biri bu temir moddasiga bo‘lgan ehtiyoj. Aynan shu jihat kamqonlikni keltirib chiqaradigan sabablarni ko‘rsatib beradi. Olimlarning ta’kidlashicha, temir moddasiga bo‘lgan ehtiyoj ikki xil yo‘l bilan vujudga kelishi mumkin: temir moddasi oziq-ovqat orqali organizmimizni yetarli miqdorda ta’minlanmaydi yoki tanadan ortiqcha chiqariladi.
Temir moddasi go‘sht, jigar, barra sabzavotlar, quritilgan mevalar, dukkakli ekinlar hatto, non mahsulotlarida ham uchraydi. Qolaversa, do‘kon rastalarida anemiyaning oldini oluvchi moddalar bilan boyitilgan mahsulotlar ham talaygina. Biroq tanamiz kuniga bir necha milligramdan ortiq temir moddasini qabul qilolmaydi. Bolalarda bu ko‘rsatkich yanayam pastroq.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, kamqonlik kasalligini davolash uzoq vaqt oladi. Bundan tashqari, davolash jarayoni shifokor nazorati ostida bo‘lishi kerak. Negaki, bemorda qizil qon tanachalari va gemoglobin miqdori me’yoriy darajadan past bo‘lishi yoki ichki qon ketishi kabi o‘ta tahlikali holatlar yuz berishi mumkin.
Anemiyaning yengil toifasida esa yuqorida sanab o‘tilgan temir moddasiga boy ozuqalar bilan parhez qilish tavsiya etiladi.
Xalqda bir naql bor: kasalni davolagandan uning oldini olgan afzal.
Kamqonlik profilaktikasining asosiy belgilari vitaminga boy parhezga amal qilish, shuningdek shifokor ko‘rsatmalari asosida temir saqlovchi dori vositalarini qabul qilib turish.
Temir mikroyelementining sutkalik norma miqdori 20-25 milligramni tashkil etadi. Ushbu miqdorning asosiy qismi (90%) qizil qon hujayralari parchalanishida chiqariladigan endogen temir bo‘lib, 10% oziq-ovqat mahsulotlari bilan kiradigan ekzogen temir hisoblanadi.
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tufayli joriy etilgan karantin cheklovlari fuqarolarning iqtisodiy ahvoliga biroz bo‘lsa-da ta’sir qildi. Bozor rastalaridagi yong‘oq, bodom, mayiz, lavlagi, qo‘ziqorin, dengiz mahsulotlari, go‘sht, baliq kabi quvvatga boy yeguliklar narxi baland ekanligini hisobga olsak, kamqonlik holatlarining ko‘proq uchrashi tabiiy.
So‘zimiz so‘ngida ota-onalarga yuzlanmoqchimiz: farzandingizni ovqatlanish ratsioniga e’tiborli bo‘ling. Zero, sog‘lom bola — sog‘lom kelajak.
Karim Zaripov
LiveBarchasi