Andijonning uyquchi hokimi odamlarni dacha qurishga olib chiqishga buyruq berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda kishini hayratga soladigan “Shoshilinch xabarnoma” surati tarqaldi. Uning ostida Andijon viloyatining hokimi Shuhrat Abdurahmonov imzosi qo‘yilgan.

Xabarnomada viloyat hokimligi kotibiyat mudirlari va guruh rahbarlariga, viloyatdagi boshqarma va tashkilot rahbarlariga, shaharlar va tumanlar hokimlariga 2019 yil 4 avgust kuni soat 7:30da Xonobod shahar “Xonobod” MFY hududida tashkil etilgan qurilish shtabida yig‘ilish o‘tkazilishi belgilangan.

Yig‘ilishda viloyat hokimligi kotibiyat mudirlari va guruh rahbarlari, viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar rahbarlari (o‘zlariga ajratilgan har bir uyda kamida 10 ishchi bilan), shaharlar va tumanlar hokimlarining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari boshchiligidagi hududlardan dala hovli qurish uchun yer uchastkasini olgan jismoniy va yuridik shaxslar (qurilish tashkilotlari, yengil sanoatga a’zo korxonalar, yirik hududiy tadbirkorlar, klaster korxonalar, fermer xo‘jaliklari, mehmonxonalar, gaz zapravkalar — o‘zlariga ajratilgan har bir uyda kamida 10 nafardan ishchi bilan), hamda hududiy obodonlashtirish boshqarmalari boshliqlari 120 nafar ishchilari (lopatka, ketmon va boshqa asboblar) bilan ishtirok etishlari shart ekani aytilgan.

Xabarnomada bu ishlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida “Bir oy muddatda “Xonobod” sanatoriysi hududida bir vaqtning o‘zida 3 ming nafar mijozni qabul qilish imkoniyatiga ega, arzon va tezkor barpo etilishi lozim bo‘lgan dam olish uylarini tashkil etish yuzasidan shart-sharoitlarni chuqur o‘rgangan holda, har bir dam olish uylarining joylashuvi” bo‘yicha bergan topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgani ham ta’kidlab o‘tilgan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ushbu hududda olib borilayotgan ishlar jarayonini namunali tasvirga olish va taqdim etish 2 avgust kuniga rejalashtirilgandi. Biroq, shu kuni ob-havo noqulay bo‘lgani (!) va Prezident videoselektori o‘tkazilgani uchun ushbu tadbir qoldirilgan.

Xabarnomaga biriktirilgan jadvalda viloyatdagi 68 ta korxona 790 nafar odam chiqarishi belgilab berilgan. Odam olib chiqishi lozim bo‘lgan korxonalar ichida xususiy tijorat banklari va viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan qo‘shma korxonalar ham bor.

Andijon viloyati hokimining bu ishini biror nima deb izohlashga til ojiz. Ha, ha, til ojiz. Xabarnomada ham aytib turilibdiki, 2 avgust kuni Prezident videoselektr o‘tkazdi. Unda majburiy mehnat, “snos” masalasi ko‘tarildi. Uchta hokim jiddiy tanbeh oldi. Andijon hokimi esa yig‘ilishning ertasi kuni davlat rahbarining ko‘zini shamg‘alat qilib, 68 ta tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilyapti. Ajabo, Shavkat Mirziyoyev hokimlar mening hududlardagi vakilim deganidan keyin ular hech kimdan, hatto, Prezidentdan ham qo‘rqmaydigan bo‘lib ketdimi?

Shavkat Mirziyoyev 2 avgustdagi yig‘ilishda Bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga ishdan olinadigan hokimlar ro‘xatini tuzishni topshirgandi. Bizningcha, bu ro‘yxatning boshida Farg‘ona, Qashqadaryo yoki Xorazm hokimlari emas, aynan. Andijon hokimi bo‘lishi kerak. Negaki u bundan avval ham turli mojaroli vaziyatlarga tushgan.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon Majburiy mehnat Shuhrat Abdurahmonov

Baholaganlar

174

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing