Andijonga tadbirkorlikni kengaytirish uchun keldik – Mirziyoyev
Jamiyat
−
01 fevral 2023
6248Bugun, 1 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi korxonaga bordi. 2022 yil tadbirkor tomonidan 8 mln dollarga tashkil etilgan ushbu korxonada 60 xil poyabzal va charm mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, korxonada 500 kishi mehnat qilmoqda. Yana shuncha ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan. 2023 yilda korxonada eksportni 4 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Mirziyoyev bilan uchrashuvda korxona egasi Yevropa bozoriga chiqmoqchi ekanini aytdi. Davlat rahbari bu bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.
“Charm sanoati ham drayverga aylanyapti, korxonalar ko‘payyapti. Endi ularga kafolatlangan xomashyoni ta’minlab berish kerak. Ikkinchidan, kasanachilik asosida uyda o‘tirgan ayollarni ham jalb qilish zarur. Umuman, bunday ilg‘or korxonalarning rivojlanishiga ko‘mak berib, klasterga aylantirish mumkin”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga ilmiy institutlarga buyurtma berib, import bo‘layotgan xomashyo materiallarini mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shuningdek, davlat rahbari korxonada ishlayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.
“Bugun Andijonga tadbirkorlikni kengaytirish, barqaror energiya manbalari yaratish, odamlarning daromadini oshirish uchun keldik. Oyliklaringiz qachon oshadi? Chiqarilayotgan mahsulotning bozori chaqqon bo‘lsa. Buning uchun sifat, bilim, malaka kerak. Shu bois xotin-qizlarimizning kasb egallashiga alohida e’tibor qilyapmiz. Ona rozi bo‘lsa, oila ham, jamiyat ham rozi bo‘ladi”, dedi Prezident.
LiveBarchasi