Andijonda uyushgan jinoiy guruh IIB xodimlarini toshbo‘ron qilgani aytildi
3-sahifa
−
01 fevral 2022 20336 2 daqiqa
Bugun, 1 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari mahallaning uyushgan jinoiy to‘daga aylangan fuqarolari tomonidan toshbo‘ron qilingani aks etgan videolavha tarqaldi. Unda voqea Andijon viloyati Baliqchi tumani Alam mahallasida sodir bo‘lgani bayon etilgan. Holat yuzasidan Andijon IIB Matbuot xizmati izoh berdi.
Qayd etilishicha, Baliqchi tumani “A’lam” MFYda yashovchi A.B. tuman “Suvoqava” tashkilotiga tegishli bo‘lgan suv qazib chiqarish inshooti va hududini o‘zining tomorqasiga noqonuniy qo‘shib olgan va yetmaganiga devor bilan o‘rab olgan. Natijada agar suv inshooti nosoz holga kelsa, ta’mirlash uchun kelgan fuqarolarni bu hududga o‘tishga to‘sqinlik qilayotgani uchun mahalla aholisi bilan ushbu oila o‘rtasida nizo yuzaga kelgan.
Mazkur masala, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumani sudida o‘tgan o‘tgan yilning 28 may kuni ko‘rib chiqilib, mahalla aholisi foydasiga hal etilgan. Ushbu noqonuniy qurilgan binoni buzish uchun sud tomonidan muddat belgilangan.
MIB hamda tuman mutasaddi rahbarlari tomonidan ushbu qarorga asosan A.B.ga noqonuniy qurilishni buzish kerakligi tushuntirilgan bo‘lsa-da, u tomonidan bunga qarshilik qilinib, devor buzilmagan.
2022 yilning 28 yanvar kuni Majburiy ijro byurosi xodimlari sud qaroriga asosan A.B.ning xonadoniga suv qudug‘i hududidagi noqonuniy qurilgan devorni buzish uchun ijroga borgan vaqtida A.B. va uning birga yashovchi o‘g‘li R.Sh. kelini Y.G. bilan mahalla aholisi o‘rtasida nizo kelib chiqib, oqibatda mahallada yashovchi bir necha fuqaro tomonidan A.B.ning devoriga tosh otilgan va bu holat darhol IIB xodimlari tomonidan bartaraf etilgan.
Xabarga ko‘ra, otilgan toshlar u yerda bo‘lgan IIB yoki boshqa mutasaddi tashkilot xodimlarga yoxud fuqarolarga qaratilmagan va ularga tegmagan.
“Mazkur holat yuzasidan Baliqchi tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar aniqlangan taqdirda, ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi