Andijonda o‘qituvchilarga chiqindilarni tashitgan direktor jazolandi (video)
3-sahifa
−
14 avgust
4184Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi o‘qituvchi-pedagoglari majburiy mehnatga jalb qilingani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, videodagi holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Maktab direktori o‘z ko‘rsatmasida, ta’lim muassasasida qurilish ishlari olib borilgani, shu sababli qurilishdan chiqqan chiqindilarni tozalash ishlariga 30 ga yaqin o‘qituvchi-pedagog va texnik xodimlarni majburan jalb qilgani, xodimlar ish stavkalari va dars soatlari qisqarib ketishidan xavotir olib ushbu ishlarni ko‘rsatmasi asosida bajarganini qayd etgan.
O‘rganish davomida direktorning Mehnat kodeksining 25-moddasi (Ish beruvchining majburiyatlari) hamda Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qarori talablarini buzgani aniqlangan.
Maktab direktoriga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (34 mln so‘m) miqdorida ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan.
Ma’lumot uchun, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunga ko‘ra, ️huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish, majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlangan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyati Pop tumani 43-maktab direktori maktabda ta’til bo‘lishiga qaramay, pedagoglarni ta’lim maskaniga chaqirib, soat 16:00 gacha o‘zlariga tegishli bo‘lmagan vazifalarni bajarishga, ya’ni maktab hududidagi o‘t-o‘lan, beda va ajriqlarni yulishga majbur qilgandi. Ushbu direktor ham jarimaga tortilgandi.
LiveBarchasi