Andijonda Ucell xodimi kompaniyaning 450 mln so‘mga yaqin pulini yutqazib qo‘ydi
3-sahifa
−
14 avgust
5074Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida Ucell kompaniyaning 448 mln so‘mdan ortiq miqdordagi pulini onlayn birjada yutqazib qo‘ygan kompaniya xodimiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, ayblanuvchi 1999 yilda tug‘ilgan A.I. Ucell kompaniyasining Paxtaobod tumani filialida katta sotuvchi vazifasida ishlagan. Yigit 2023 yilning oktyabr oyida kompaniya tomonidan mijozlarga to‘lovlar uchun o‘tkazilgan 198 mln 900 ming so‘m pulni o‘zining nomidagi bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan. So‘ngra ushbu mablag‘ni Bitcoin oldi-sotdisi uchun Binance kriptovalyuta birjasiga tikib yuborgan.
A.I. 2023 yil noyabr oyida shu usulda kompaniyaning 249 mln 907 ming so‘m mablag‘ini o‘z bank kartasiga o‘tkazib, yana onlayn birjaga tikkan. Ammo uning omadi kelmagan va kompaniyaning jami 448 mln 807 ming so‘m pulini yutqazib qo‘ygan.
Holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida A.I. aybiga iqror bo‘lib, yetkazilgan zararni qoplaganini, qilgan ishidan pushaymonligini aytgan va o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.
Sud qarori bilan A.I. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)da ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 1 yil davlat hamda davlat ulushi ishtirokidagi korxonalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilib, har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Axloq tuzatish ishlari jazosi mazkur jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joylarda o‘tattirilib, jazo o‘tash muddati A.I. jazoni o‘tash uchun yuborilgan korxona, muassasa, tashkilotda ish boshlagan kundan boshlab hisoblanishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda bank xodimlari pensionerlarga berilishi kerak bo‘lgan 111 mln so‘m mablag‘ni qimorga tikib yuborgandi. Shuningdek, Xo‘jabod tumani hokimligi mas’ullaridan biri fuqarolarning Umra ziyorati uchun deb to‘lagan pulini onlayn qimor o‘yinlariga tikib yuborgandi.
LiveBarchasi