Andijonda shifokor kaltaklandi

Jamiyat 4696
image

Andijon viloyati, Asaka tumanida tibbiy yordam feldsheri kaltaklandi va tez tibbiy yordam avtomashinasiga zarar yetkazildi. Bu Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yil 6 sentyabr kuni kechki payt soat 20.00 atrofida Andijon viloyati Asaka tuman tibbiyot birlashmasining Tez tibbiy yordam bo‘limiga qarashli “Sharq haqiqati” shoxobchasiga og‘ir jarohat olgan bemorni olib kelishgan.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, shifokorlar bemorga zudlik bilan birinchi yordamni ko‘rsatgan. Tibbiy ko‘rik paytida bemorga o‘zgalar tomonidan tan jarohati yetkazilganiga ishonch hosil qilgan tibbiyot xodimlari xizmat vazifasidan kelib chiqqan holda, tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar bermoqchi bo‘lishganida bemorni olib kelgan fuqaro S.N. tez tibbiy yordam feldsheri B.Gadoyevning burniga boshi bilan zarba bergan va kaltaklay boshlagan. Bundan tashqari, fuqaro S.N. shifokorni kaltaklash bilan qanoatlanmay hovlida turgan tez tibbiy yordam avtomashinasiga ham ziyon yetkazgan.

So‘ngra, ushbu holat haqida tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar berilgan. Shundan so‘ng, ma’lum vaqt o‘tib ichki ishlar xodimlari voqea joyiga yetib kelgan.

Jarohat olgan feldsher esa tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib borilgan. Bo‘limda unga “Burun suyagi yopiq sinishi. Chap tirsak, tizza bo‘g‘imining yumshoq to‘qimalari lat yeyishi. Pastki jag‘ chap sohasining yirtilishi va yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi” tashxisi bilan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirgi vaqtda B. Gadoyev Asaka tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida davolanmoqda.

Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 109
Reyting: 2.9
Teglar
t
×