Andijonda maxsus xab tashkil etiladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidentining “Mashinasozlik va elektrotexnika maxsus xabi” maxsus sanoat zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

“Mashinasozlik va elektrotexnika maxsus xabi” (keyingi o‘rinlarda – Sanoat xabi) Andijon viloyati hududining 105 gektar maydonida tashkil etiladi. Uning faoliyat ko‘rsatish muddati 30 yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin. Ushbu muddat mobaynida Sanoat xabi hududida maxsus iqtisodiy zonalar (MIZ) uchun belgilangan alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi.

Sanoat xabining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

•    tashqi bozorlarda talab etilayotgan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish;
•    viloyatning mashinasozlik va elektrotexnika sanoatidagi ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash;
•    mahalliy xom ashyo va materiallar negizida yuqori texnologiyali mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
•    viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ularning eksport hajmini oshirish.

Sanoat xabi hududida faqat mashinasozlik va elektrotexnika sohalaridagi loyihalar joylashtiriladi. Ularning tashabbuskorlariga qurilgan binolar va inshootlar ijara shaklida, yer maydonlari esa ularning xohishiga muvofiq doimiy foydalanishga ajratib beriladi.

MIZ ma’muriy kengashi va direksiyasining vakolatlari, shuningdek bino va inshootlar qurish ishlari MCHJ shaklidagi Sanoat xabi boshqaruvchi kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda Sanoat xabining tashkil etilishi va uning hududida mashinasozlik va elektrotexnika sohalariga ixtisoslashgan loyihalar joylashtirilishini tashkil etishga mas’ul hisoblanadi.

Sanoat xabi hududida amalga oshiriladigan loyihalar ularning biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslari «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUKda ekspertizadan o‘tkaziladi. Bunda xulosalar berish muddatlari 15 kalendar kundan oshmasligi lozim. Boshqaruvchi kompaniya tomonidan ishlab chiqarish loyihalarini Sanoat xabi hududida joylashtirish bo‘yicha investitsiya buyurtmanomalarini ko‘rib chiqish muddati xulosa berish jarayoni bilan birga 25 kalendar kundan oshmasligi kerak.

Sanoat xabini tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va yer xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarning o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari 5 yilgacha bo‘lgan davrda bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.

Sanoat xabida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini yaratish bilan bog‘liq tadbirlar Prezidentning 18.12.2020 yildagi PQ-4929-son qarorida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon sanoat zonasi

Baholaganlar

53

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing