Andijonda “fast-fuddan” zaharlanganlar nazoratga olingan – SSV
Jamiyat
−
07 iyul 2022
4482Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida ovqatdan zaharlangan bemorlar salomatligi va canitariya holati nazoratga olingan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ovqatdan zaharlangan 17 kishida qayt qilish, ich ketishi, tana harorati ko‘tarilishi kabi kasallikning klinik belgilari namoyon bo‘lgan. Qolgan 20 nafarida esa biroz holsizlik va ko‘ngil aynishi kuzatilgan va ambulator ravishda davo muolajalarini olish uchun hududiy poliklinika nazoratiga yuborilgan.
Ayni paytda shifoxonada davolanayotgan 17 nafar bemorning holati stabil. Ularda belgilangan standartlar bo‘yicha davo muolajalari davom ettirilyapti.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 iyul kuni soat 12:10 da Qo‘rg‘ontepa tuman Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga fuqarolar ko‘ngil aynishi, qusish, bosh og‘rig‘i va ich ketishi shikoyatlari bilan murojaat qilgan.
Bemorlarga “O‘tkir gastroenterit” tashxisi qo‘yilgan, biroq hozirda ularning umumiy ahvoli qoniqarli.
Kecha, 6 iyul 23:00 holatiga shifoxonaga jami 37 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lib, bemorlarning 17 nafari davolanmoqda, qolgan 20 nafari umumiy holatiga ko‘ra tibbiy kuzatuvga olingan.
Zaharlanishga sabab bo‘lgan holatlarni aniqlash bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida bemorlarning barchasi joriy yilning 5-6 iyul kunlari tuman markazida joylashgan tez tayyorlanadigan yeguliklar bilan savdo qiluvchi shoxobchadan “Nonburger” va “Xod-dog” sotib olib iste’mol qilganini bildirishgan.
Mazkur holat yuzasidan bugun, 7 iyul kuni Qo‘rg‘ontepa tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi