Andijondagi ekoreydda tandirlarga qarshi “urush” ochildi (video)

3-sahifa

image

Bugun, 3 dekabr kuni Andijon viloyatining Shahrixon tumanida hokim Hikmatillo Dadaxonov ekologik reyd davomida somsaxona tandirlarini buzdirib tashladi. Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligi munosabat bildirdi.

O‘tkazilgan ekologik reyd haqida dastlab tuman hokimligining Telegram-kanalida e’lon qilingan, keyinroq esa xabar o‘chirib yuborilgan.

“Andijon viloyati hokimi topshirig‘iga asosan, Shahrixon tumanida havo ifloslanishining oldini olish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan tun-u kun reyd tadbirlari olib borilmoqda. Bugun erta tongdan havo ifloslanishiga sabab bo‘layotgan ob’ektlar faoliyati joyida o‘rganilib, talablarga javob bermayotgan umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi tuman hokimligi xabarida.

Viloyat hokimligi esa hokimning jazolangani haqida xabar berdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrixon tumanida havo ifloslanishini oldini olish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida guruh rahbari tuman hokimining ko‘rsatmasi bilan umumiy ovqatlanish ob’ektlaridagi tandirlarga zarar yetkazilgani aks etgan videolavhalar tarqalmoqda. Ushbu holat zudlik bilan o‘rganilib, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan tuman hokimiga intizomiy jazo chorasi sifatida “hayfsan” berildi”, deyiladi hokimlik munosabatida. 

Qayd etilishicha, bunday holatlarni takrorlamaslik borasida tushuntirish ishlari olib borilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Biznes-ombudsman ham munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida ayrim hududlarda tadbirkorlarning qonuniy mulkiga zarar yetkazish holatlari kuzatilayotgani haqida murojaatlar tushmoqda.

“Tadbirkorlik faoliyatining erkinliklari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida. Tadbirkorlik sub’ektini tugatish yoki uning mol-mulkiga nisbatan boshqa choralar ko‘rish faqatgina vakolatli organ yoxud sud qaroriga binoan amalga oshiriladi.

“Shu munosabat bilan vakolatli davlat organlarini ushbu muhim jarayonlarda tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining qonuniy manfaatlari va mulkiy huquqlarini ta’minlashga, xususiy mulkka nisbatan qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka va har qanday choralarni amaldagi qonunchilik asosida amalga oshirishga chaqiramiz”, deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektori Ahrorjon Niyozovga tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov kuch ishlatib, organ xodimlari yordamida tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketgandi. Keyinroq esa Xizirov ishdan bo‘shatilib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.


Maqola muallifi

Teglar

somsaxona Shahrixon ekoreyd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing