Andijonda bloger ayol kaltaklanganmi? “Andijon HETK” raddiya bilan chiqdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda bloger Fotima Jo‘rayeva kaltaklangani haqida xabarlar tarqalgandi. Bosh prokuratura Matbuot xizmati Fotima Jo‘rayevaning olgan tan jarohatlarini og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanganini ma’lum qilgandi. 

Andijon viloyati “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, Ulug‘nor tumanida bloger Fotima Jo‘rayevaning tuman elektr ta’minoti korxonasi bosh hisobchisi tomonidan kaltaklanganligi yuzasidan bo‘lgan voqealar nazoratga olingan bo‘lib, mazkur holatni atroflicha o‘rganish maqsadida maxsus komissiya tuzilgan.

Komissiya tomonidan aniqlangan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Fotima Jo‘rayeva joriy yilning 18 noyabr kuni tuman elektr tarmoqlariga kelib, o‘zini bloger sifatida tanishtirgan va hech qanday hujjat taqdim etmasdan o‘zi faoliyat yuritayotgan Ulug‘nor tumanidagi “Istiqlol zar tolasi” fermer xo‘jaligining elektr energiyasi ta’minotiga oid to‘lovlar bo‘yicha joriy holatni aniqlashtiruvchi hujjatlarni talab qilgan. Korxona hisobchisi, o‘z navbatida, ma’lumotlar faqat korxona rahbariga taqdim etilishi mumkinligini ma’lum qilgan. 

“Hisobchi M.S.ning komissiyaga ma’lum qilishicha, bloger Fotima Jo‘rayeva ta’kidlayotganidek, uni urib tan jarohati yetkazmagan. Uning aytishicha, F. Jo‘rayevani tinchlantirmoqchi bo‘lganida, u turli xil haqoratli so‘zlar orqali ko‘pchilik oldida obro‘sizlantirilgan. Bu haqida o‘sha kuni voqeaning guvohi bo‘lgan elektr ta’minoti korxonasi xodimlarining qo‘l telefoniga tushirilgan videotasmalar bor”, deyiladi munosabatda.

Shuningdek, bloger tarqatgan murojaatida o‘sha kungi unga sherik bo‘lgan ikki fermer ayol ham kaltaklanganligini ma’lum qilgandi. Biroq, fermer xo‘jaligi rahbari Karimaxon Toshtemirova komissiyaga unga nisbatan hech kim kuch ishlatmaganini ma’lum qilgan.

“O‘sha kuniyoq bloger Fotima Jo‘rayeva voqea yuzasidan Ulug‘nor tumani IIBga murojaat qilgan. Hozirda uning olgan tan jarohatlari og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. 

Bundan tashqari F. Jo‘rayeva murojaatida fermer xo‘jaligining iste’mol qilingan elektr energiyasidan bo‘lgan qarzdorligini sun’iy oshirilishi to‘g‘risida gapirib o‘tilgan. Komissiya a’zolari ushbu holat yuzasidan quyidagilarni aniqladi. Ulug‘nor tumanida paxtachilik-g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan “Istiqlol zar tolasi” fermer xo‘jaligi bilan Ulug‘nor tuman elektr ta’minoti korxonasi o‘rtasida tuzilgan 270202-sonli elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan, mazkur fermer xo‘jaligiga elektr energiyasi yetkazib beriladi”, deya yozilgan "Andijon HETK" munosabatida.

Mazkur holat yuzasidan maxsus komissiya a’zolarining “Istiqlol zar tolasi” fermer xo‘jaligi rahbari bilan suhbati chog‘ida, shakllangan qarzdorlik yuzasidan tushuntirish berilgan. Shu tariqa fermer xo‘jaligining qarzdorligi sun’iy oshirilmaganligi o‘z tasdig‘ini topgan.  Fermer xo‘jaligi rahbari Karima Toshtemirova Ulug‘nor tumani elektr ta’minoti korxonasi xodimlariga nisbatan e’tirozi yo‘qligini bildirib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

197

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing