“Andijoncha tender”: viloyatda qarindoshlar bir necha milliardlik davlat buyurtmalarini bo‘lib olgan

Jamiyat

image

Andijon viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbari Muhiddin Qodirov o‘ziga tegishli bo‘lgan “Milano Biznes Servis” MCHJga qariyb 20 mlrd so‘mlik qurilishga oid davlat buyurtmalarini olgan.

Telegram`dagi “davletovuz” kanalida viloyatdagi bir necha milliard so‘mlik davlat buyurtmalari amaldorlarning o‘zi yoki qarindoshlariga tegishli kompaniyalar tomonidan bajarilayotgani, manfaatlar to‘qnashuvi, tanish-bilishchilik, qarindoshchilik aloqalari yaqqol ko‘rinib qolgani haqida ma’lumot e’lon qilindi.

Xususan, “Andijon ihlos qurilish” MCHJ Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘laridan amalga oshiriladigan qurilish ob’ektlari manzilli ro‘yxatidagi taxminan 10 mlrd 800 mln so‘mlik davlat buyurtmalarini bajarishga mas’ul qilib belgilangan. Ayni paytda Respublika byudjetidan sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshiriladigan manzilli qurilish ro‘yxatidagi 3 mlrd 200 mln so‘mlik ob’ektlar mazkur kompaniyaga berilgan. Bundan tashqari, mazkur kompaniya Paxtaobod tumanida 26,5 mlrd so‘mlik ikkita 32 kvartirali ko‘p qavatli uyni qurish va tegishli inshootlarni ta’mirlash bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan. Tegishli shartnoma 2020 yil 9 noyabrda imzolangan.

“Andijon ihlos qurilish” MCHJ ulushi to‘lig‘icha Qodirov Baxtiyor Abdumannobovichга tegishli. Baxtiyor Qodirovning to‘g‘ridan to‘g‘ri qarindoshi esa, shu ob’ekt bo‘yicha bevosita davlat buyurtmachisi bo‘lgan Andijon viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbarining o‘rinbosari — Qodirov Mansurbek Abdumannobovich hisoblanadi.

Shu yilning 30 mart kuni Hukumat qarori bilan Andijon viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Rustambek Tojiboyevich Xojiboyev hali ham “Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish” MCHJ ulushlariga to‘liq egalik qiladi. Mazkur kompaniya amaldorning yangi lavozimdagi davrida ham milliardlik shartnomalarni olishda davom etgan. Masalan, sog‘liqni saqlash sohasida respublika byudjetidan bajariladigan 18 mlrd 730 mln so‘mlik qurilish ob’ektlari aynan Rustambek Xojiboyevning kompaniyasiga nasib qilgan. Masalan, shu yilning 2 oktyabr kuni imzolangan pudrat shartnomasiga binoan, “Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish” MCHJ Shahrixon tumani 2-tug‘uruq majmuasini qariyb 5,6 mlrd so‘mga rekonstruksiya qilishi zarur. Bu kompaniya tumandagi 1-tug‘uruq majmuasini ham yakuniy qiymati qariyb 12,8 mlrd so‘mga rekonstruksiya qilib keladi.

“Qishloq qurilish invest” MCHJ IK Andijon viloyat filiali rahbari Jabborqulov Ravshanbek Habibullayevich va uning qarindoshi Jabborqulov Xayrullo Habibullayevich egalik qiladigan “Xonobod Savdo Ravnaqi” MCHJ ham Andijon viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasidan Qo‘rg‘ontepa tumani Shahrixonsoy MFYdagi 2-sonli maktabgacha ta’lim muassasasini rekonstruksiya kilish uchun 4,7 mlrd so‘mlik buyurtmani hamda o‘zi rahbarlik qiladigan “Qishloq qurilish invest” MCHJ IK Andijon viloyat filialidan 3,2 mlrd so‘mlik buyurtma olgan va bajargan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

367

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing