Andijonda bayroqdan yuklar ustini yopishda foydalangan haydovchi jazolandi

3-sahifa

image

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda  davlat bayrog‘idan narsalarning ustini yopishda foydalangan yuk mashinasi fotosuratlari tarqalgandi. Andijon  viloyati IIBB axborot xizmati QALAMPIR.UZ ga ushbu holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rilganini ma’lum qildi. 

Aytilishicha, avtomashina Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga tegishli bo‘lib, unga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan qonuniy jazo chorasi qo‘llanilgan.

"Qonunbuzarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203-1-moddasi (davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (1 million 20 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llandi", deyiladi IIBB axborot xizmati xabarida.

Ma’lumot o‘rnida, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203-1-moddasi (davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi O‘zbekiston yoki Qoraqalpog‘istonning davlat bayrog‘i, davlat gerbi yoxud davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha (1 million 20 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa – uch baravaridan (1 million 20 ming so‘m) yetti baravarigacha (2 million 380 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Iyul oyida O‘zbekiston davlat bayrog‘idan foydalanish mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirildi.

Unga ko‘ra, qonun bilan bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilandi, xususan:

  • bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;
  • biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanish;
  • stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash;
  • kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
  • bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal , dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakka, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;
  • bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.

Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan belgilangan talablarga muvofiq foydalanish uchun mas’uliyat bayroqdan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari zimmasiga yuklatiladi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

yuk mashinasi jazo davlat bayrog'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing