Andijonda amaldor odamlarning Umra pulini qimorga tikib yubordi
3-sahifa
−
23 may 2023
8502Andijon viloyatining Xo‘jabod tumanida bir mas’ul fuqarolarning Umra ziyorati uchun deb to‘lagan pulini onlayn qimor o‘yinlariga tikib yubordi. Bu haqda “Markaziy Studiya” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Aniqlanishicha, 1 milliard 650 million so‘m miqdordagi pullarni qimor o‘yinlariga tikib yuborgan shaxs Xo‘jabod tuman hokimligida xizmat vazifasini bajarib kelgan. Mansabdorning nayrangiga aldanganlar 70 nafarni tashkil etgan. 2019 yildan buyon Umra ziyorati uchun amalga oshirilgan to‘lov pullari Musulmonlar idorasining hisob raqamidan emas, tumanga biriktirilgan amaldorning cho‘ntagidan joy olgan. Fuqarolarga to‘lov cheki safarga chiqayotganda berilishi va’da qilingan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Xo‘jabod tumani bosh mutaxassisi holatga izoh berar ekan, qonuniy tartibda ishlash uchun fuqaro avvalo ro‘yxatga olinganidan keyin to‘lovni faqatgina bankka to‘lashi kerakligini aytgan.
Uzoq vaqt davom etgan tergov yakunlanib, ish sudgacha oshgan. Biroq sud zalida ayblanuvchining pullarni qaytarib berish va’dasiga ishonib, o‘z arizalarini qaytarib olgan jabrlanuvchilar ikki karra aldangan. Ularga yetkazilgan moddiy zarar sud qarorida inobatga olinmagan. 27-30 nafar odam bergan pulidan voz kechib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan firibgarlikda ayblangan shaxs 2 yil mansabdorlik va javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash vakolatidan mahrum qilingan va 5 yilga qamoq jazosiga tayinlangan. Jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan moddiy zarar qachon va qanday qoplanishiga oid savollar mavhumligicha qolgan.