Ichki ishlar xodimi tomoshabin. Andijonda 3 kishi 2 odamni o‘lasi qilib do‘pposladi (video)
3-sahifa
−
28 avgust 18433 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Asaka tumanida bir guruh shaxslar janjallashayotgani va unda ikki erkakning jiddiy jarohat olgani, do‘pposlayotgan shaxslar atrofdagilarning qarshiligi va nasihat qilishiga qaramay, yerda xushsiz yotgan jabrlanuvchilarni qayta va qayta urayotgani, tepayotgani va ushbu xatti-harakatini videoga olayotgani aks etgan tasvirlar tarqaldi. Ayni shu holat sodir bo‘layotgan vaqtda esa atrofda Ichki ishlar xodimi formasidagi shaxs ham bo‘lgani videoda aks etgan, biroq ushbu shaxs zo‘ravonlarga qarshilik ko‘rsatmagan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, ushbu voqea joriy yilning 8 iyun kuni sodir bo‘lgan. Viloyatning Asaka tumanida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan X.J. tonggi soat 4:30 larda Asaka tumani Qadriyat mahallasi hududida fuqarolarning tinchini buzib, sheriklari – 2003 yilda tug‘ilgan S.M. va 2002 yilda tug‘ilgan O.M. bilan birga 2004 yilda tug‘ilgan X.D.ni o‘zaro kelishmovchilik ortidan urib do‘pposlab, unga yengil tan jarohati, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro R.B.ga esa o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Ushbu holat yuzasidan shu kunning o‘zida fuqarolar X.J, S.M. va O.M.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchilarga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari tamomlanib, joriy yilning 8 iyul kuni ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tumani sudi tomonidan kecha, 27 avgust kuni sudlanuvchilar X.J, S.M. va O.M.larning har biriga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Biroq, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi zo‘ravonlik sodir etilayotgan vaqtda Ichki ishlar xodimi nima uchun qo‘l qovushtirib turgani, nega qarshilik ko‘rsatmagani va unga bu beparvoligi uchun qanday chora ko‘rilganiga aniqlik kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Payariq tumanida tadbirkorlarni urib, qo‘rqitib, ulardan pul talab qilib kelgan shaxslar qo‘lga olingan edi. Holat yuzasidan Payariq tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 112-(O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 276-(Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) hamda 277-(Bezorilik) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.
Live
Barchasi