Andijonda 24 yoshli yigit mashinasida odam urib, qochib ketdi
3-sahifa
−
20 noyabr 2023
7751Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida Nexia-2 haydovchisi yo‘lning qatnov qismida ketayotgan fuqaroni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot xizmati katta mutaxassisi Abdumajid Raimjonov QALAMPIR.UZ'ga xabar berdi.
Unga ko‘ra, kecha, 19 noyabr kuni Oltinko‘l tumani “Bo‘ston” MFY hududidan o‘tgan davlat ahamiyatidagi Farg‘ona halqa yo‘lida harakatlanib kelayotgan 24 yoshli S.M. boshqaruvidagi Nexia-2 mashinasida yo‘lning qatnov qismida ketayotgan 25 yoshli U.O.ni urib yuborgan va voqea joyidan yashiringan.
YTH oqibatida U.O. tan jarohati olib, tuman markazidagi shifoxonaga yotqizilgan. U ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, bugun, 20 noyabr kuni tongda vafot etgan.
Tezkor qidiruv harakatlari natijasida ushbu yo‘l-transport hodisasini sodir etgan haydovchi Baliqchi tumanidan topilib, tegishli tartibda ushlangan.
“Hozirda mazkur holat yuzasidan Oltinko‘l tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deydi Abdumajid Raimjonov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida 25 yoshli fuqaro mashinada Ichki ishlar organi xodimini urib yuborib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgani haqida xabar bergan edik.