Andijonda 100 gektar yerni pullamoqchi bo‘lgan mas’ullar 10 yilga qamaldi

Jamiyat

image

Andijon viloyatida 100 gektar yer maydonini 135 000 dollar pora evaziga sotmoqchi bo‘lgan mansabdor shaxslarga jazo tayinlandi. Jinoyat ishi doirasida to‘rt kishi sud qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Kecha, 4 iyun kuni Andijon viloyati sudi viloyat hokimligi huzuridagi “Kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasi” bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan Oybek Abdujalilov, “Universal vodiy gips” MCHJ rahbari lavozimida ishlagan Abdulhamid Usvaliyev, fuqaro Abdurahmon Usvaliyev va Andijon viloyati hokimligi Iqtisodiy taraqqiyoti va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi g‘aznachisi lavozimida ishlagan Umidjon Soliyevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqdi.

Ish hujjatlari va sudda aniqlangan holatlarga ko‘ra, sudlanuvchi O.Abdujalilov viloyat hokimligi huzuridagi “Kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasi” bosh mutaxassisi vazifasida 2019 yil 1 noyabrdan hozirgi kunga qadar ishlab kelib, U.Soliyev, Abdulhamid Usvaliyev va Abdurahmon Usvaliyev bilan oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lganlari holda jabrlanuvchi I.Dadaxo‘jayevga Xo‘jaobod tuman hokimiyati mansabdor shaxslari orqali tuman hududidan chorvachilik fermer xo‘jaligi tashkil qilish uchun jami 100 gektar yer maydoni ajratib, hujjatlarini tayyorlab berishlarini va’da qilgan. Ular bu xizmati evaziga, firibgarlik yo‘li bilan uni jami 135 000 AQSH dollari miqdorida pora berishga dalolat qilgan va I.Dadaxo‘jayevdan joriy yilning 26 mart kuni ushbu pullar hisobidan dastlab 7 000 AQSH dollarini olgan. 29 mart kuni esa qolgan 128 000 AQSH dollarini Andijon shahar, Bo‘ston dahasida joylashgan “UzDongYang-Ko” qo‘shma korxonasi oldida olayotganlarida DXX hamda IJQK departamenti Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan xamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

Shuningdek, shu kuni O.Abdujalilovning ixtiyoriy roziligiga ko‘ra davom ettirilgan tezkor tadbirda, viloyat hokimligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi xo‘jalik mudiri-kassir vazifasida ishlab kelgan U.Soliyev jabrlanuvchi o‘ziga tegishli 70 000 AQSH dollarini jinoiy sherigi O.Abdujalilovdan Andijon shahar, Pushkin ko‘chasida joylashgan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialining avtoturargohida olgan vaqtida ushlangan.

Yuqoridagi qayd etilgan jinoiy harakatlar uchun O.Abdujalilov Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga 3 yil mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil 6 oy, Abdulhamid Usvaliyev Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga 10 yil 2 oy, Abdurahmon Usvaliyev Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga 10 yil 2 oy, U.Soliyev Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga 3 yil mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qamoq Sud

Baholaganlar

48

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar