Andijon viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari o‘zgardi
Jamiyat
−
14 fevral
6742Gulnora Ahmedova Mahmudovna Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari - oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Salkam 2 yildan buyon viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Gulnora Abdullayeva lavozimidan ketgan. Uning o‘rnini Gulnora Ahmedova egalladi.
Ma’lumot uchun, Gulnora Ahmedova 1974 yilda Baliqchi tumanida tug‘ilgan. 1996 yilda Andijon davlat universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida umumta’lim maktablari, kasb-hunarga o‘qitish markazlarida o‘qituvchi, direktor o‘rinbosari va direktori lavozimlarida, tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi rahbari va MFYda hokim yordamchisi lavozimlarida ishlagan.
Tayinlovga qadar u O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati boshqarmasi Shahrixon tumani bo‘limi rahbari bo‘lib ishlayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari o‘zgargandi.