Andijon va Navoiyda yer sotayotganlar ushlandi
3-sahifa
−
30 dekabr 2023
6102Andijon va Navoiy viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida 1990 yilda tug‘ilgan shaxs aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, unga tumandagi fermer xo‘jaliklardan biriga tegishli yer maydonidan 15 sotix qismini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanini aytgan. U yer maydoniga nisbatan rasmiylashtirilgan soxta hujjatlarni ko‘rsatib, kelgusida mazkur yer maydoniga noturar joy sifatida hujjatlar tayyorlab, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 65 ming AQSH dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda natijasida u so‘ralgan pul mablag‘idan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, u muqaddam sudlangani aniqlangan.
Bundan tashqari, Navoiy viloyati Karmana tumanidagi qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari mazkur MCHJga qarashli 2,2 gektar yer maydonini xaridorga 490 mln so‘mga sotishga kelishib olgan. U xaridordan ushbu yer maydonida kottej uylar qurish uchun mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, MCHJ rahbari talab qilingan 15 ming AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.