“Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti ishga tushdi (fotoreportaj)

Jamiyat

амирсой15

Kecha, 21 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda QALAMPIR.UZ muxbirlari ham ishtirok etdi. 

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi. 

“Amirsoy” majmuasini ishga tushirish uchun Italiya, Germaniya, Avstriya, Argentina, Ispaniya va Daniya kabi davlatlardan yetakchi loyihachi kompaniyalar jalb etilib, tog‘-chang‘i kurorti majmuasi zamonaviy jahon standartlari asosida qurib bitkazildi. Ushbu loyiha sohada katta tajribaga ega Andorraning “PGI Management” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi”, dedi Aziz Abduhakimov. 

“Amirsoy” loyihasini amalga oshirishga 2018 yilda start berildi. 892 gektar maydonda keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borildi. 580 o‘ringa mo‘ljallangan loyiha doirasida 300 yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan hamda uning umumiy qiymati 100,0 mln AQSH dollarini tashkil qiladi. 

“Amirsoy”ni qurish ishlariga eng ilg‘or va innovatsion texnologiyalar jalb qilingan bo‘lib, kurort loyihasi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich – 2019 yilning IV choragida biritirildi. Ikkinchi bosqich esa 2022 yilning III choragida bitkazilishi rejalashtirilgan. 

Shuningdek hududda Avstriyaning “Doppelmayr Seilbahnen GmbH” kompaniyasi tomonidan ikki zamonaviy dor yo‘li qurildi, uning uzunligi 2 193 metr bo‘lib, o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 2 400 kishini tashkil etadi. 

Qishki dam olish zonasida Argentina, Ispaniya va Daniya mutaxassislari nazorati ostida turli murakkablikdagi 15 km uzunlikdagi tog‘-chang‘i yo‘llari qurildi. Ularning 4 tasi kurortning eng yuqori nuqtasidan boshlanadi va eng uzun trassa 3 550 metrni tashkil etadi.

Sun’iy qor ishlab chiqarish tizimi esa chang‘i mavsumini noyabrdan aprel  oyigacha uzaytirishga xizmat qiladi. 

Qishki sport o‘yinlari ishqibozlari, chang‘ichilar va snoubordchilar uchun har qanday darajadagi yo‘llar mavjud bo‘lib, ularning tog‘-chang‘i sporti bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 

Shu bilan birga, tog‘-chang‘i kurorti majmuasi hududida tyubing, piyoda sayohatlar, qorda yurish uchun maxsus turlar, chana va kvadrotsiklda uchishlarni o‘z ichiga olgan ko‘ngilochar zona va maxsus bolalar o‘yin maydonchasi uchun alohida hududlar tashkil etilgan.

Ayni vaqtda loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, “Amirsoy” dam olish maskanining keng jamoatchilik uchun ochilishga tayyor holatga keltirilgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida 2019 yil yakuni bo‘yicha 1464,5 mingga yaqin sayyoh tashrifi kutilayotgan bo‘lib, jumladan, xorijiy turistlar soni 205,1 ming kishiga yetishi kutilmoqda. 2020 yilda kutilayotgan turistlar soni o‘sishi o‘tgan yilga nisbatan 10,3 foizga, jumladan xorijiy turistlar soni 16,6 foizga o‘sishi kutilmoqda, ulardan “Amirsoy” sayyohlik majmuasini ishga tushirish hisobiga tashrif buyuruvchilarning sonini qo‘shimcha jami 32,8 ming nafarga ko‘paytirish nazarda tutilgan. 

Shunisi diqqatga sazovorki, “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortining ishga tushirilishi O‘zbekistonga turistlarni jalb etishda mavsumiylik tushunchasini yo‘qotishga olib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Amirsoy tog'-chang'i kurorti

Baholaganlar

129

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing