Amir Temur qonxo‘r bosqinchimi? Temurshunos olim javob berdi.
Intervyu
−
02 fevral 2022
19210Kuni kecha xorijiy videoblogerlar tomonidan “Indiana Jons O‘zbekistonda” nomi bilan suratga olingan qisqametrajli film o‘zbek internet segmentida jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Videoning kirish qismida nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyo tarixidagi muhim shaxslardan biri, Temuriylar davlatining asoschisi Sohibqiron Amir Temur qonxo‘r-bosqinchi sifatida tasvirlangan. Bu esa jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Xo‘sh, Amir Temur kim edi? Nega tarixiy manbalarda uning shaxsi buzib ko‘rsatiladi? U haqiqatan ham qonxo‘r bosqinchi bo‘lganmi yoki jaholat ustidan qilich tortgan adolat himoyachisimi? Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ Tarix fanlari nomzodi, Amir Temur muzeyi direktori Xurshid Fayziyevga yuzlandi.
Sardor Ali Nurmatov, muxbir: — Xorijiy videoblogerlar tomonidan “Indiana Jons O‘zbekistonda” nomli qisqa metrajli filmning kirish qismida Sohibqiron Amir Temurni qonxo‘r bosqinchi sifatida ko‘rsatilgan. Bunga siz qanday munosabat bildirasiz? Haqiqatan ham Amir Temur qonxo‘r bosqinchimi?
Xurshid Fayziyev, tarix fanlari nomzodi, Amir Temur muzeyi direktori: — Sohibqiron Amir Temur haqida gapirganda, birinchi navbatda, o‘sha davrda yozilgan tarixiy manbalarga murojaat qilish kerak. Misol uchun Nizomiddin Shomiy va Sharofiddin ali-Yazdiyning “Zafarnoma” asarida Amir Temurning shaxsiyati va harbiy faoliyati batafsil yoritilgan. “Zafarnoma” asarining kirish qismida Sohibqiron Chingizxon bilan solishtirilib, Amir Temur qilgan bunyodkorlik ishlari o‘rnak qilib ko‘rsatilgan. Shuning bilan birga, yevropalik olim Herman Vamberi o‘zining “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” asarida, Amir Temurni Chingizxon bilan solishtiradi va Sohibqironni haqiqiy bunyodkor hukmdor ekanligini ta’kidlaydi.
Amir Temur temuriylar renessansi davrining asoschisi hisoblanadi. Buni nafaqat biz, balki butun dunyo tan olgan. 1996 yilda YUNESKO homiyligida Sohibqiron Amir Temurning 660 yillik yubileyi bo‘ldi. Bugun butun dunyo olimlari Amir Temur ilm-ma’rifat homiysi bo‘lganini tan oladi.
Sohibqiron birgina o‘z yurtida emas, qo‘shni mamlakatlarda ham bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan. Misol uchun Ozarbayjonda Baylaxon shahrini barpo qildi, Barlos kanalini qazdirdi. 1392 yilda nabirasi Abu Bakrga farmon yo‘llab, Bag‘dod shahrini bir yil ichida qayta tiklashni buyuradi. Mana shunday ishlar saltanatning boshqa yerlarida ham amalga oshirilgan. Shu nuqtayi nazardan biz Amir Temurni ilm-fan, madaniyat homiysi sifatida ko‘rishimiz mumkin.
Albatta, Sohibqiron juda katta imperiyani tashkil qildi. Bu saltanatni ko‘ngilchanlik bilan boshqarib bo‘lmas edi. Biz Amir Temurga bugungi kun ko‘zi bilan baho berishimiz kerak emas. Ba’zi bir holatlarda siyosat qilishga to‘g‘ri keladi. Tuzlukka amal qilinmasa, juda katta fojialar kelib chiqishi mumkin edi. Ibn Arabshoh o‘zining “Taqdir ajoyib otlari” nomli asarida “Amir Temur saidlar va olimlarni har qanday odamdan yuqori qo‘yar, har ish qilganida shularning maslahati bilan qilar edi”, degan faktlarni keltirgan.
Ma’lumot uchun, Turizm va sport vazirligi Indiana Jons ishtirokida O‘zbekistonda tasvirga olingan va Amir Temur shaxsi qoralab ko‘rsatilgan videorolik yuzasidan munosabat bildirdi. Idora avvalo bu video Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan suratga olinganmaganini ta’kidladi.
Tashkilotga ko‘ra, tomoshabinning e’tiborini jalb qilish uchun nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyo tarixidagi muhim shaxslardan biri “badiiy to‘qima” bilan qonxo‘rga chiqarilgan.
LiveBarchasi