Amerikaga fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
3-sahifa
−
09 fevral
3622Buxoro, Samarqand viloyati va Toshkent shahrida Amerikaga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1979, 1999 va 2001 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, 6 nafar fuqaroga viza hujjatlarini olib berish hamda Yevropa orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborish evaziga 32 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida yuqoridagi shaxslardan biri ushbu maqsadda muqaddam 3900 AQSH dollari olgani ham ma’lum bo‘lgan.
Buxoro shahrida kuzatilgan holatda esa 1997 yilda tug‘ilgan muqaddam 3 marotaba sudlangan shaxs aldov yo‘li bilan 32 yoshli hamshaharining ishonchiga kirib, unga Amerika Qo‘shma Shtatlari elchixonasidan tegishli viza olib, okean ortiga ishga yuborish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qiladi.
Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘idan 30 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham viloyat IIB hamda IJQKD bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, Samarqand viloyatida yashovchi, 1989 va 1995 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs o‘zaro kelishgan holda, Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni “O‘zbekiston-Turkiya-Portugaliya-Gvatemala-Meksika-AQSH” yo‘nalishi orqali Qo‘shma Shtatlarga ishga yuborish evaziga 23 ming AQSH dollari talab qilishib, oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida qo‘lga olingan.
Boshqa holatda esa Samarqand shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan shaxs Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni “O‘zbekiston-Turkiya-Ispaniya-Gonduras-Meksika-AQSH” yo‘nalishi orqali Qo‘shma Shtatlarga ishga yuborish evaziga 18 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi