“Amazon” direktorligidan bo‘shagan Bezosning boyligi 11 mlrd dollarga ko‘paydi
Olam
−
10 iyul 2021
4432“Amazon” asoschisi Jeff Bezos kompaniya bosh direktori lavozimidan ketganidan keyin bir hafta ichida uning boyligi qariyb 11 milliard AQSH dollariga ko‘paydi. Bu haqda “Forbes” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 5 iyul kuni Amazon Web Services bulutli xizmatining sobiq rahbari Endi Jessi bosh direktor lavozimini egallaganidan beri, “Amazon” aksiyalarining o‘sishi tufayli Bezosning boyligi 10,6 milliard AQSH dollarga ko‘payib, hozirda 212,4 milliard AQSH dollariga baholanmoqda.
Xabarga ko‘ra, “Amazon” aksiyalarining o‘sishiga AQSH Mudofaa vazirligi bulutli hisoblash xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 10 milliard AQSH dollarlik shartnomani bekor qilganligi haqidagi xabar sabab bo‘lgan. Avvalroq ushbu shartnoma Amerikaning “Microsoft” korporatsiyasiga taqdim etilishi kutilayotgandi, ammo “Amazon” vakillari ushbu qarorga sud orqali qarshilik ko‘rsatishga uringan.
Qayd etilishicha, Bezos butun haftani Aydaho shtatidagi “milliarderlar uchun yozgi lager” nomi bilan tanilgan Allen & Co investitsiya bankining yillik konferensiyasi bo‘lib o‘tgan tog‘li kurort hududida o‘tkazgan. Bu safar tadbir kamida 25 milliarderni birlashtirdi, ularning umumiy boyligi 825 milliard AQSH dollariga baholanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, internet orqali tovar va xizmatlarni sotadigan dunyodagi eng yirik “Amazon” chakana savdo tarmog‘i 1994 yilda AQSHda Bezos tomonidan tashkil etilgan. Yuqorida qayd etilganidek, kompaniya bosh direktorligidan ketgan Bezos ayni vaqtda “Amazon”ning direktorlar kengashi ijrochi raisi bo‘lib faoliyat olib bormoqda. U, shuningdek, “Bezos Earth Fund” xayriya fondi, “Blue Origin” aerokosmik kompaniyasi, “The Washington Post” gazetasi va “Amazon Day 1” fondiga o‘z vaqtining bir qismini bag‘ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, dunyoning eng boy odami hisoblangan Bezosning iyul oyining oxirida 82 yoshli amerikalik Uolli Fank bilan kosmosga uchishi kutilmoqda.
LiveBarchasi