“Rejalashtirilgan, amalga oshirilmoqda!” Shahrisabz hokimligi aholi suv uchun “kurashayotgani” bo‘yicha izoh berdi

Jamiyat

image

Yaqinda QALAMPIR.UZ saytida “Open Budjet: Suv bormagan qishloqliklar poytaxtda sarson” sarlavhali videolavha e’lon qilingan edi. Unda Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan asli Shahrisabz tumanining “Xitoy” MFY Ammog‘on qishlog‘idan bo‘lgan fuqaro qishlog‘ida ichimlik suvi yo‘qligi, 30 yildan buyon biron bir mutasaddi rahbar qishloqqa borib, hududning sharoitini o‘rganmagani, “Open Budjet” loyihasi orqali turli tashabbuslar ko‘rsatib, ovoz yig‘ilmasa qishloqning ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji muammoligicha qolib ketishi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tgan. 

Fuqaro aytgan muammolar yuzasidan Shahrisabz tumani hokimligi munosabat bildirdi. Munosabatda yozilishicha, tezkor ishchi guruhi tuzilib, o‘rganish ishlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, “Open Budjet” loyihasining moliyalashtirish manbayi tuman mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi. 2022 yilda 1-mavsum uchun 7 milliard 647 million so‘m mablag‘ ajratildi va 12 ta ijtimoiy-iqtisodiy hamda infratuzilma ob’ektlari moliyalashtirildi. Xususan, 2021 yil 1-mavsumda ajratilgan mablag‘lar hisobidan “Xitoy” MFY Ammog‘on qishlog‘idagi 2 kilometrlik ichki yo‘llarga ham asfal’t qoplamasi yotqizilgan bo‘lsa, 2022 yil 1-mavsumda “Xitoy” MFY Ammog‘on qishlog‘iga Tanxoz daryosidan oqova suv quvurlarini tortib kelish uchun 998 million so‘m va Xitoy qishlog‘iga 999 million so‘m mablag‘ onlayn ovoz berish orqali yutib olingan.

Hokimlikning xabar berishicha, ayni paytda qurilish ishlari olib borilmoqda. Xususan, Ammog‘on qishlog‘iga 1800 metr quvur tortish rejalashtirilgan. Ammo Tanxoz daryosidan qishloqqa tomorqani sug‘orish maqsadida (ichimlik suvi emas) suv olib kelish uchun ushbu yutib olingan mablag‘lar yetarli bo‘lmagani sababli qishloqning tashabbuskor kishilari “Open Budjet” loyihasining 2022 yil 2-mavsumida ham xuddi shu masalani kiritishgan.

Qayd etilishicha, “Xitoy” MFY 2022 yil “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, dastur doirasida 20 milliard 290 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘ evaziga 56-umumta’lim maktabining 150 o‘rinli qo‘shimcha binosi qurilmoqda hamda oilaviy shifokorlik punkti binosi barpo etilmoqda. 7 kilometrlik ichki yo‘llarga qum-shag‘al, 3 kilometr 200 metrlik yo‘lga beton, 5 kilometrlik yo‘lga asfalt qoplamalari yotqizish ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda Dastur doirasida mahallada 350 dona beton ustunlar o‘rnatildi va 16 kilometrlik elektr tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, joriy yilda jami 10,3 mlrd so‘mga 19,5 kilometr polietilen va 21,5 kilometr metall quvurlar yordamida 41 kilometrlik ichimlik suv tarmog‘ini qurish rejalashtirilgan.

Shahrisabz tumani matbuot xizmati “Xitoy” MFYda tomorqa uchun oqova suv quvurlarini tortish ishlari “Obod qishloq” dasturiga kiritilmaganini qo‘shimcha qilgan.

QALAMPIR.UZ sayti Shahrisabz tumani hokimligining vaziyatga bee’tibor bo‘lmaganini, o‘rganish ishlarini olib borganini olqishlaydi. Lekin, shu o‘rinda saytimizda e’lon qilingan videolavha “so‘rovnoma” janrida va unda gapirgan shaxslarning bergan ma’lumotlariga tahririyat javob bermaydi. 
Videolavhada muxbirimiz ham “so‘rovnomada qatnashgan odamlarning bergan ma’lumotlari haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelishini bilmasligi, lekin, agar muammolar har qanday vaziyatda ham vaqtida mas’ullar tomonidan o‘rganilganida, bu viloyatliklar ovoz yig‘ib Toshkentda sarson bo‘lmas edi”, deya aytib o‘tgan.

Bundan tashqari, munosabatda yozilgan “rejalashtirish” tezroq amalga oshirilsagina aholining muammolari bartaraf etilgan hisoblanishini ma’lum qilamiz.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

70

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing