Amaldorlar uchun qanday avtomobil xarid qilinishi qat’iy belgilab qo‘yiladi
Jamiyat
−
18 noyabr 2020
11946Oxirgi vaqtlarda mahalliy hokimliklar va davlat idoralari rahbarlarining byudjet mablag‘laridan qimmatbaho avtomobillar xarid qilayotgani ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Davlat xaridlari portalida e’lon qilinayotgan ochiq ma’lumotlar, qaysi tashkilot xarajatlari qayerga yo‘naltirilayotganidan so‘z ochmoqda. Bunda asosiy masala – avtomobil.
Bugun, 18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Davlat byudjetining 2020 yil to‘qqiz oyidagi ijrosini ko‘rib chiqildi. Unda deputat Rasul Kusherboyev mahalliy byudjetlarda orttirilgan mablag‘ hisobidan hokimlar qimmat avtomobillar xarid qilishga zo‘r berayotganiga e’tiroz bildirdi. “Bunda jamoatchilikning fikri qanchalik hisobga olinyapti. Yoki jamoatchilik hokimlarimiz qimmat avtomobil olsin, degan taklifni beryaptimi?”, deb Moliya vaziri Timur Ishmetovga yuzlandi Rasul Kusherboyev.
“Bu ma’lumotlar qayerdan chiqib keldi. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi ochiq portaldan.Qonunchilik asosida shunday tartib o‘rnatildiki, barcha davlat xaridlari shartnomasi, kim nima sotib olgani, kimdan sotib olgani, sotib olgan tashkiloti haqidagi ma’lumotlar Davlat xaridlari portalida bor. Uni hamma ko‘rsa bo‘ladi. Afsuski, u ishga tushirilganda ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolgan. Oxirgi vaqtlarda OAV ham portaldan foydalanib, qiziq ma’lumotlarni chiqarib kelmoqda.
Hozirgi iqtisodiy inqiroz, pandemiya paytida mahalliy hokimliklar, barcha davlat idoralari xarajatlarini nafaqat qonuniy nuqtayi nazardan, balki mantiq va fuqarolarning hayot tarzidan kelib chiqqan holda amalga oshirsa, to‘g‘ri bo‘lar edi. Biz bunga juda tanqidiy qaraymiz”, deydi Moliya vaziri Timur Ishmetov.
Uning qayd etishicha, mahalliy byudjetlarga moliyaviy mustaqillik berishni davom ettirishni to‘xtatib qo‘ymaslik kerak, aksincha, ochiqlik va oshkoralik siyosati ta’minlansa, jamoatchilikning o‘zi hammasini joy-joyiga tushirib qo‘yadi.
Vazir so‘nggi vaqtlarda mahalliy hokimliklarning avtomobillar xaridi bilan bog‘liq xarajatlari ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgani bois, Hukumatdan davlat idoralari rahbar-xodimlari qanday avtomobil sotib olishi aniq belgilanishi bo‘yicha topshiriq berilganini ma’lum qildi.