“Allo, samolyotni terrorchilar egalladi”. 11 sentyabr terakti qanday sodir etilgandi?
Bu qiziq
−
11 Sentabr 2021
38446Dunyoni o‘zgartirib yuborgan kun. 11 sentyabr. AQSHda quyoshli kunlar hali ortga chekinib ulgurmagan. Tong. Ushbu kun amerikaliklar xotirasida uzoq yillar saqlanib qolishidan hech kimning xabari yo‘q. Kimdir ishxonaga shoshgan, yana boshqa birov xizmat safari bilan aeroportga oshiqmoqda. Etalabdan dunyoning eng qudratli davlatida hayot qaynayapti. Birozdan so‘ng esa harorat yanada ortishini hech kim xayoliga ham keltirmaydi. Na AQSH Prezidenti, na Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) va na Federal qidiruv byurosi (FQB) mamlakatni qanday falokat kutib turganini tasavvur ham qila olmas edi.
Bundan roppa-rosa 20 yil oldin, ya’ni 2001 yilning 11 sentyabr kuni AQSH tarixida eng yirik terrorchilik harakati yuz berdi. O‘sha kuni bir guruh terrorchilar yirik megapolislar – Boston, Nyu-York va Vashingtondan havoga ko‘tarilgan 4 ta yo‘lovchi samolyotini qo‘lga oldi. Ular “tirik raketa”da Nyu-York shahrida joylashgan egizak binolarga va Virjiniya shtatidagi mamlakat Mudofaa vazirligining shtab kvartirasi – Pentagonga hujum qildi. Oqibatda uch mingga yaqin odam qurbon bo‘ldi.
Ushbu teraktni amalga oshirish rejasi “Al-Qoida” terrorchilik guruhining Afg‘onistonda joylashgan bazasida 5 yil davomida ishlab chiqildi. G‘oya “muallifi” pokistonlik jangari Holid Shayx Muhammad bo‘lgan. O‘z o‘rnida, ushbu g‘oyani “Al-Qoida” yetakchisi Usama ben Loden qo‘llab-quvvatladi.
Adashib bosilgan tugmacha
Ushbu operatsiyada terrorchilarning 19 a’zosi qatnashdi. Ular 4 guruhga bo‘linib, AQSHning o‘zida 4 ta yo‘lovchi samolyotini qo‘lga oldi. Har bir guruh tarkibida bir nafardan uchuvchi bo‘lgan. Birinchi samolyot: AA11 reysi Boston shahrining Logan Xalqaro aeroportidan havoga ko‘tarildi. Uning tarkibida 11 ekipaj a’zosi, 76 nafar yo‘lovchi va 5 terrorchi bo‘lgan. Ushbu samolyotning manzili Los-Anjeles shahri bo‘lishi kerak edi. AA11 reysi bilan uchayotgan samolyot qo‘lga olingach, terrorchi-uchuvchi bir xatoga yo‘l qo‘ydi. U yo‘lovchilarga samolyotni terrorchilar qo‘lga olganini e’lon qilish maqsadida adashib boshqa tugmachani bosdi. Shu tariqa, samolyot qo‘lga olingani haqidagi e’lon yo‘lovchilarga emas, balki Boston aeroportidagi aviadispetcherlarga o‘qib eshittirildi.
“Trevoga”
AQSHda samolyot terrorchilar tomonidan qo‘lga olingani haqidagi xabar tez orada butun Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA)ning barcha bo‘limlarida aylana boshladi. Eng qizig‘i, terrorchi-uchuvchi o‘z xabarida yana bir necha samolyot qo‘lga olinganini ham aytgan edi. Biroq, federallar ushbu xabarning tagiga yetguniga qadar, barcha 4 samolyot havoga ko‘tarilib ulgurdi. Havoga ko‘tarilgach, terrorchilar samolyotlardagi transponder qurilmasini o‘chirib qo‘ydi. Bu esa ularga havo kemasi yo‘nalishi, tezligi va balandligi haqidagi ma’lumotni federallardan yashirish imkonini berdi. Shu tariqa havoga ko‘tarilgan samolyotlarni qutqarib qolish yoki 9/11 teraktining oldini olish uchun so‘nggi yo‘l ham berkildi.
Egizak binolarning shimoliysi
11 sentyabr. Soat 8:44. Birinchi samolyot bortidan “American Airlines” kompaniyasining parvozlar bo‘yicha rahbari Maykl Vudvordga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bu AA11 reysi bilan uchgan samolyotning styuardessasi Medlin Suini edi. Suini samolyotda bo‘layotgan voqealar haqida Maykl Vudvordga xabar berib turdi. Ushbu qo‘ng‘iroq uzoq cho‘zilmadi. Styuardessaning aytgan so‘nggi gapi quyidagicha edi:
“Biz juda pastlab uchayapmiz, juda past. Pastlayapmiz”. Shundan so‘ng, aloqa uziladi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu samolyot Nyu-York shahrida joylashgan egizak imoratlar – Butunjahon savdo markazining shimoliy binosiga borib urilgan.
AQSH Prezidenti qayerda edi?
O‘sha paytda AQSH Prezidenti kichik Jorj Bush edi. U 2001 yilning 20 yanvar kuni rasman vazifasiga kirishgan bo‘lsa, 11 sentyabrda mamlakat tarixidagi eng qo‘rqinchli falokat yuz berdi. Kimdir buni Bush uchun omadsiz start desa, yana kimdir og‘ir imtihon va sinov deb baholagan. Samolyot soat 8:46 da egizak binoga urildi. Davlat rahbariga esa 8:47 da xabar berildi. Bu paytda Bush Florida shtatidagi bir maktabga tashrif buyurgandi. U maktab o‘quvchilari bilan suhbat o‘tkazishi kerak edi. Prezidentga falokat haqida xabar berilganda, u reja bo‘yicha ishlashda davom etdi. Aniqrog‘i, maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvni qoldirmadi, sinfda vahima ko‘tarmadi. Har holda G‘arb manbalari Bushning o‘sha davrdagi harakatlarini shunday yoritishgan.
Ikkinchi zarba. Mo‘ljal – egizak binolarning janubiysi
Birinchi zarbadan so‘ng, oradan 17 daqiqa o‘tgach, ikkinchi samolyot Butunjahon savdo markazining janubiy binosiga kelib urildi. Qizig‘i, bu samolyot ham birinchisi kabi Bostondan aynan Logan Xalqaro aeportidan havoga ko‘tarilgan. Uning tarkibida 9 nafar ekipaj a’zosi, 51 yo‘lovchi va 5 terrorchi bor edi. Ularning barchasi bir onda kulga aylandi. Bu vaqtda mamlakat Prezidenti hali ham sinfda maktab o‘quvchilari bilan suhbatlashib o‘tirgandi. O‘sha vaqtdagi Oq uy administratsiyasi rahbari Endryu Kard sekin kelib, Bushning qulog‘iga ikkinchi samolyot fojiasi haqida xabar berdi.
“Vahima qilmaslik muhim edi. Shu sababli sinfni tark etish uchun qulay vaziyatni kutdim. Sinfga to‘la bolakaylarni qo‘rqitib yuborgim kelmadi”, degan Bush keyinroq.
Uchinchi samolyotdan bo‘lgan qo‘ng‘iroqlar
Uchinchi samolyot tarkibida 7 nafar ekipaj a’zosi, 33 yo‘lovchi va 4 terrorchi bor edi. Terrorchilarga livanlik Ziyod Samir Jarroh rahbarlik qilgan. Samolyot qo‘lga olingach, terrorchilar yo‘lovchilarga qo‘ng‘iroq qilishga ruxsat berdi. O‘sha vaqtda samolyot bortidan 37 ta qo‘ng‘iroq amalga oshirildi. Kimdir uyga, yaqinlariga, sevganiga, yana kimdir qutqaruv xizmatiga telefon qilgan. Vidolashgan, yordam so‘ragan, cheksiz muhabbatini izhor qilgan. Ha, barchasi shunday bo‘lgan edi. Teraktdan so‘ng, o‘tkazilgan tekshiruv hisobotlarida bu haqda aytilgan. Terrorchilarga esa o‘sha paytda farqi yo‘q edi. Ular endi rejalariga hech kim qarshilik qila olmasligini bilardi. Tayyorgarlik ham shunga yarasha edi.
Kutilmagan qarshilik
Terrorchilarga qarshilik aynan uchinchi samolyotda ko‘rsatiladi. Ushbu samolyot terrorchilarning rejasi bo‘yicha AQSH Prezidenti qarorgohi – Oq uyga uchirilishi kerak edi. Biroq bunday bo‘lmadi.
Elis Xougland ismli sobiq styuardessa uchinchi samolyot bortida bo‘lgan o‘g‘liga ovozli xabar yuboradi. Unda samolyot boshqaruvini qanday bo‘lmasin terrorchilardan olib qo‘yish aytilgandi. Shunda samolyot bortida qiziq holat yuz berdi. Yo‘lovchilar terrorchilarga qarshilik ko‘rsatish yoki ko‘rsatmaslikni ovoz berish yo‘li bilan hal qildi. Oxirida terrorchilarga qarshilik ko‘rsatish qarori qabul qilindi. Buning natijasida terrorchilar samolyotni belgilangan mo‘ljalda emas, balki yo‘lda qulatishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa uchinchi samolyot Oq uyga yetib bormay, Pensilvaniya shtatidagi Shanksvilldagi maydonga quladi. Samolyotdagi barcha 44 nafar odam halok bo‘ldi.
Pentagon tomon otilgan “jonli bomba”
AQSH Mudofaa vazirligi joylashgan bino terrorchilarning mo‘ljaliga aylandi. Dallas nomidagi Vashington xalqaro aeroportidan havoga ko‘tarilgan to‘rtinchi samolyotning keyingi manzili Los-Anjeles bo‘lishi kerak edi. Biroq, bortida 64 kishi bo‘lgan samolyot Pentagonning g‘arbiy qismiga kelib urildi. Bortdagi barcha, bundan tashqari vazirlikning 125 xodimi ham halok bo‘ldi. Pentagonga qilingan hujum egizak binolarga qilingan hujum soyasida qolib ketdi. Biroq, Prezident Bush aynan Pentagon uchun ko‘proq qayg‘urgan, siqilgan.
“Birinchi raketa – halokat edi. Ikkinchisi esa hujum, lekin uchinchisi endi urush e’lon qilish”, degan edi Bush.
Bush haq bo‘lib chiqdi. Ushbu teraktlar ortida tez orada AQSH tarixida eng uzoq – 20 yil davom etgan xalqaro terrorchilikka qarshi urush boshlandi.
LiveBarchasi