Allamjonovga tegishli Toshkent imtihon markazi narxlarni keskin oshirdi

Jamiyat

image

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Toshkent shahridagi Yagona imtihon markazi joriy yilning 1 aprelidan boshlab nazariy va amaliy test sinovlaridan o‘tish narxi oshishini e’lon qildi.

Qayd etilishcha, apreldan yuqori sifat va xizmat ko‘rsatish darajasini saqlab qolish uchun Toshkent imtixon markazi nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish uchun birinchi urinish narxi 150 000 so‘mgacha (hozir 100 000 so‘m) oshiriladi. Bunga asosiy hamkor davlatlardagi beqaror iqtisodiy vaziyat O‘zbekistondagi inflyatsiyaning tezlashishiga ta’sir ko‘rsatayotgan valyuta kursining o‘zgarishi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Iqtisodchi-bloger Shuhrat Qurbonov imtihon uchun narxlar oshirilganini tushunsa bo‘lishini ammo buning valyuta kursidagi sakrashlar, hamkor mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyat bilan qanday aloqasi borligini tushunmayotganini aytgan. 

“Sinovlar import qilinadimi? Narxlar oshishining yo‘llardagi xavfsizlik bilan qanday aloqasi bor?”, deya savol qo‘ygan iqtisodchi.

Boshqa bir iqtisodchi Otabek Bakirov ham bu holatga o‘z noroziligini bildirgan.

“Allamjonov va uning komandasi O‘zbekistonda 50 foizlik inflyatsiyani yoki dollar kursini 50 foizga o‘sganini qayerdan oldi ekan? Mayli, balki ular kelajakka boqib, prognoz qilishayotgandir. Lekin imtihon testlarining dollar kursiga qanday aloqasi bor?

Ko‘rayapsizki, million marta og‘iz ko‘pirtirilgani bilan, mazkur loyiha faqat va faqat pul o‘zlashtirish, tanlov qoldirmasdan pul o‘zlashtirishni nazarda tutadi va bu loyihaning harakat xavfsizligiga qanaqadir bog‘liqligi bo‘lsa, u eng oxirgi o‘rinda turadi”, deydi Bakirov.

U “Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi Toshkent imtihon markazi qiyofasidagi monopolistning mazkur harakatlarini amaldagi qonunchilik nuqtai nazaridan baholashi kerakligini” ta’kidlagan.

Joriy yilning 3 fevral kuni ish boshlagan Yagona imtihon markazi (Toshkent Imtihon Markazi, TIM) tadbirkorlik sub’ekti huquqi asosida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritgan birinchi kompaniya bo‘ldi. Uning saytida kompaniya rahbari sifatida Deniyel Byork ko‘rsatilgan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yil 6 oktyabrda ro‘yxatga olingan Autodriver Study avtomaktabining rahbari sifatida Deniyel Byork ko‘rsatilgan. Kompaniyaning yagona ta’sischi — Dilshod Shuhratovich Jo‘rayev.

Dilshod Jo‘rayev bir vaqtning o‘zida 2017 yil oktyabr va noyabrida ro‘yxatga olingan Nurafshon Yo‘l Avtomaktabi va Innodriver Study avtomaktablarining ham egasi hisoblanadi. Innodriver Study yuridik manzili Avtotest, Avtotest 2.0 va Avtotest Obey Rules savdo belgilariga egalik qiladigan Avtotest Report kompaniyasi manzili bilan mos tushadi — Toshkentning Mirobod tumani Taras Shevchenko ko‘chasi 21-uy. Mazkur binoning orqa qismida, Taras Shevchenko ko‘chasi 23-uyda "Milliy TV" telekanali ofisi joylashgan.

Avtotest maktablari asoschisi (hozirda u yerda ta’sischi sifatida Irodaxon Ismailova ko‘rsatilgan) va "Milliy TV" telekanalining amaldagi ta’sischisi (66,7 foizi) — Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

931

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing