Komil Allamjonov yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
25 avgust 2023
14643Komil Ismoilovich Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Komil Allamjonov bugungi kunga qadar Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari edi. Bundan oldin esa u Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritgandi. U Administratsiya rahbari o‘rinbosari bo‘lgan davrda barcha bizneslarini boshqa egalariga topshirganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Komil Allamjonov mamlakat siyosiy doirasidagi eng yosh amaldorlardan biri sanaladi. U 1984 yilning 18 sentyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. Ilk faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi – “Yoshlar” teleradiokanalining “Davr” informatsion dasturida boshlagan.
Uning nazarga tushishi 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlagan davri bilan bog‘liq. Allamjonov 2017 yilning 1 dekabridan, 2018 yilning 3 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan.
2018 yilning 29 noyabr kuni u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimiga tayinlangan. 2020 yilning yanvar oyida ushbu lavozimini tark etgan.
LiveBarchasi