Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tashkil etiladi
Jamiyat
−
05 iyun
4071O‘zbekistonda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni imzolandi.
Unga ko‘ra, iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiya qilish hamda ushbu jarayonlar ustidan nazoratini ta’minlash bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritishda ishtirok etish inspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Shuningdek, 1 oktyabrdan iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari joriy etiladi:
- yillik litsenziya to‘lovlarini, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilish;
- alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishda va ularning savdosida sifat talablariga, shuningdek, aksiz markalarini qo‘llash hamda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartiblariga rioya etish;
- alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi videokuzatuv vositalarini o‘rnatish.
Alkogol va tamaki mahsulotlari ulgurji realizatsiyasiga oid shartnomalar soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yiladi
Farmonga muvofiq, 2024 yil 1 oktyabrdan:
- yashirin ishlab chiqarish, aksiz markasiz, raqamli markirovkasiz yoki sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish holatlari aniqlanganda ishlab chiqarish uskunalari davlat foydasiga o‘tkaziladi;
- qalbaki aksiz markali, aksiz markasiz, raqamli identifikatsiya vositasi bilan markirovkalanmagan, qalbaki markirovka kodlari bilan markirovkalangan alkogol va tamaki mahsulotlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan muomaladan olinadi va ushbu mahsulotlar bilan savdo qilish huquqini beruvchi litsenziya (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat) belgilangan tartibda bekor qilinadi;
- iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ulgurji realizatsiyasiga oid shartnomalar soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yiladi;
- har yarim yil yakunlari bo‘yicha aroq, shuningdek, iste’mol etil spirtidan aroq va likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqarishda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish ko‘rsatkichi 60 foizdan kam bo‘lganda, belgilangan 60 foizning bajarilmagan qismiga aksiz solig‘i summasining 50 foizi miqdorida moliyaviy jarima hisoblanadi.
Bunda har yarim yillik yakunlari bo‘yicha mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish ko‘rsatkichi 60 foizdan ko‘p bo‘lganda va aksiz solig‘i to‘liq to‘langan taqdirda, undirilgan moliyaviy jarima summalari korxonaga qaytarib beriladi.
LiveBarchasi