Aliyev va Pashinyan “bo‘zchining mokisidek” Moskvaga qatnashdan charchamadi. Qorabog‘ mojarosi hal bo‘ladimi?

Tahlil

image

Bugun, 31 oktyabr kuni Rossiya rahbari tashabbusi bilan Sochida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uch davlat rahbarlari 2020 yil 9 noyabr, 2021 yil 11 yanvar va 2021 yil 26 noyabrdagi “Transkavkazda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlar”ni belgilovchi kelishuvlarning bajarilishini ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari,  muzokaralarda savdo-iqtisodiy va transport aloqalarini tiklash va rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. 

Xo‘sh, bugungacha tomonlar o‘rtasidagi uchrashuvlar qanday o‘tgan? Unda nimalarga kelishilgan? 

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

1991 yil 2 sentyabrda Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (BMTga a’zo birorta davlat tomonidan tan olinmagan – tahr.) SSSR tarkibida e’lon qilindi. 1992-1994 yillardagi qurolli mojarolar paytida Baku Qorabog‘ va unga tutash yetti viloyat ustidan nazoratni yo‘qotdi. 

Bahsli hudud atrofidagi vaziyat 2020 yil 27 sentabrda, u yerda faol harbiy harakatlar boshlangan paytda keskinlashgan. 2020 yil 9 noyabr kuni Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan tomonidan mojaro hududida harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishga erishish imkonini bergan uch tomonlama bayonot imzolandi. Unda Ozarbayjon va Armaniston tomonlari o‘z pozitsiyalarida to‘xtashlari, bir qator viloyatlar Baku nazoratiga o‘tishi, Rossiya tinchlikparvar kuchlari esa o‘zaro to‘qnashuv chizig‘i va Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirilishi nazarda tutilgan. 

Muzokaralar jarayoni

Mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralar jarayoni 30 yildan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda. Muzokaralar Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari formatida ham, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti ishtirokidagi uch tomonlama formatda ham, boshqa vositachilar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhi (Rossiya, AQSH, Fransiya, Belarus, Germaniya, Italiya, Shvetsiya kabi 12 ta davlat vakillari) vakillari ishtirokida ham olib borilmoqda.. 

Uch davlat rahbarlarining uchrashuvlari statistikasi

2008 yildan buyon Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining mojarolarni tartibga solish masalasi bo‘yicha 15 ta uch tomonlama uchrashuvlari o‘tkazilgan. Ulardan 13 tasi Rossiyada, bittasi Moldovada, yana bir uchrashuv (2020 yilda) onlayn tarzda tashkil etilgan. 

2008 yildan 2012 yilgacha muzokaralarda Rossiya tomonidan Prezident Dmitriy Medvedev, 2014 yildan beri esa Vladimir Putin ishtirok etgan. 2008-2016 yillarda Armaniston tomonidan uchrashuvlarda respublika Prezidenti Serj Sarkisyan ishtirok etdi. 2018 yilda Armaniston konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlar kuchga kirdi, unga ko‘ra, Bosh vazir boshchiligidagi hukumat mamlakatning oliy ijro etuvchi organi hisoblanadi. Shu munosabat bilan muzokaralarda Armaniston nomidan Bosh vazir Nikol Pashinyan qatnasha boshladi. Uch tomonlama uchrashuvlarda Ozarbayjondan respublika Prezidenti Ilhom Aliyev vakillik qilmoqda. 

2008-2016 yillardagi uchrashuvlar xronologiyasi

2008 yil 2 noyabrda Dmitriy Medvedev tashabbusi bilan Rossiya davlati rahbari ishtirokida Mayendorf qasrida Ilhom Aliyev va Serj Sarkisyan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, uning yakunlari bo‘yicha ziddiyatni hal qilish borasida deklaratsiya imzolandi. Bu Tog‘li Qorabog‘ masalasi bo‘yicha 15 yillik muzokaralar davomida mojaroda ishtirok etayotgan davlatlar vakillari o‘z imzolarini qo‘ygan birinchi hujjat edi. Deklaratsiyada Prezidentlar YeXHTning vositachilik sa’y-harakatlari muhimligini ta’kidladilar va tinchlik yo‘li bilan kelishuvga erishish qonuniy kuchga ega xalqaro kafolatlar bilan birga bo‘lishi kerakligini yana bir bor tasdiqladilar. 

2009 yil 4 iyun kuni Sankt-Peterburgda Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Serj Sarkisyan va Ilhom Aliyev Dmitriy Medvedev ishtirokidagi norasmiy kechki ovqatda Tog‘li Qorabog‘ mojarosini tartibga solish bo‘yicha ikki tomonlama, keyin esa uch tomonlama muzokaralar o‘tkazdilar.  

2009 yil 17 iyulda Rossiya Prezidenti sovrini uchun kurash uchun Moskvaga kelgan Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish masalasini muhokama qilishdi. 18 iyul kuni Aliyev va Sarkisyan Dmitriy Medvedev bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Uch davlat rahbarlari “Tog‘li Qorabog‘ muammosini hal qilishning keyingi yo‘llarini konstruktiv muhokama qilishga” tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi. 

2009 yil 9 oktabrda Kishinyovda bo‘lib o‘tgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi sammiti doirasida Dmitriy Medvedev Ilhom Aliyev va Serj Sarkisyan bilan muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi, uning natijalari oshkor etilmadi. 

2010 yil 25 yanvarda Sochida Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon Prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralarda tomonlar Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilishning munozarali tamoyillarini shakllantirishni yozma ravishda rasmiylashtirishga kelishib oldilar. 

2010 yil 17 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon prezidentlarining navbatdagi uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

2010 yil 27 oktyabrda Dmitriy Medvedev Astraxanda Ilhom Aliyev va Serj Sarkisyan bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha YeXHT Minsk guruhi hamraislari va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi ko‘magida harbiy asirlarni almashish va halok bo‘lganlarning jasadlarini qaytarishni nazarda tutuvchi ishonchni mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi maxsus deklaratsiya qabul qilindi. 

2011 yil 5 mart kuni Sochida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha uch davlat rahbarlari Tog‘li Qorabog‘ muammosini hal qilish bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qildilar. Xususan, tomonlar harbiy asirlarni almashishni imkon qadar tezroq yakunlashga kelishib oldilar. Bundan tashqari, hujjatda barcha bahsli masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish va sulh chizig‘i bo‘ylab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hodisalarni tomonlar ishtirokida, YeXHTning Minsk guruhi hamraislari shafeligida tomonlar ishtirokida YeXHT Amaldagi raisining maxsus vakili ko‘magida tekshirish istagi borligi ta’kidlangan.  

2011 yil 24 iyun kuni Qozonda uch davlat rahbarlari Tog‘li Qorabog‘ muammosini tartibga solishning asosiy tamoyillari loyihasini kelishish bo‘yicha ishlarning borishini ko‘rib chiqdilar. Muzokaralar natijasida tomonlar qo‘shma bayonot qabul qildi va pozitsiyalarni yaqinlashtirish uchun umumiy nuqtalarni izlashni davom ettirishga kelishib oldi. 

2012 yil 23 yanvar kuni Sochida Dmitriy Medvedev, Ilhom Aliyev va Serj Sarkisyan Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilishning keyingi yo‘llarini muhokama qilgan. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari Qo‘shma bayonot qabul qildi. 

2014 yilning 10 avgust kuni Sochida Serj Sarkisyan va Ilhom Aliyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Vladimir Putin ham ishtirok etdi. Tomonlar yaqin kelajakda Tog‘li Qorabog‘ mojarosinimurosa va tinch yo‘l bilan hal qilishga umid bildirdi. 

2016 yilning 20 iyun kuni Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev, Serj Sarkisyan o‘rtasida Sankt-Peterburgda matbuot uchun yopiq muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ulardan avval Rossiya davlati rahbari bilan Serj Sarkisyan va Ilhom Aliyev o‘rtasida ikki tomonlama muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, uch tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha bayonotga kelishib olindi, unda mamlakatlar yetakchilari Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuv chizig‘idagi vaziyatni normallashtirish tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar, shuningdek, mojaro hududida YeXHT kuzatuvchilari sonini ko‘paytirishga kelishib oldilar

Keyingi bir necha yil ichida uch tomonlama uchrashuvlar bo‘lmadi. Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari ikki tomonlama formatda, asosan,  turli sammitlar va xalqaro forumlar doirasida uchrashdilar. 

2020-2021 yillarda muzokaralar jarayonini davom ettirish

2020 yil 9 noyabr kuni Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan videokonferensiya orqali 10 noyabr Moskva vaqti bilan soat 00:00 dan boshlab Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladilar. Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, Ozarbayjon va Armaniston tomonlari o‘z pozitsiyalarida to‘xtab, mintaqaga Rossiya Federatsiyasining tinchlikparvar kuchlari kiritildi. 2020 yil dekabrigacha tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi atrofidagi bir qator viloyatlar, jumladan, Kalbajar, Ag‘dam va Lochin Baku nazorati ostiga o‘tdi. Mahalliy arman aholisi uylarini tashlab, Armaniston va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi nazorati ostidagi hududlarga ko‘chib o‘tgan. 

2021 yil 11 yanvar kuni Rossiya rahbari tashabbusi bilan Kremlda Putin, Aliyev va Pashinyan o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani amalga oshirish jarayonini ko‘rib chiqdilar va mintaqada mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildilar. Qariyb to‘rt soat davom etgan uchrashuv yakunida Tog‘li Qorabog‘da yangi infratuzilma loyihalari bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolanib, ularni amalga oshirish bosh vazir o‘rinbosarlari darajasidagi uch tomonlama ishchi guruhga topshirildi. 

2021 yil 26 noyabr kuni Rossiya davlati rahbari tashabbusi bilan Sochida Putin, Aliyev va Pashinyan o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududida harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi bayonot imzolanganining bir yilligiga to‘g‘ri keldi. Muzokaralar salkam uch soat davom etdi va natijada qo‘shma bayonot qabul qilindi. Putin, Aliyev va Pashinyan Ozarbayjon-Armaniston chegarasida barqarorlik va xavfsizlik darajasini oshirish choralarini ko‘rishga kelishib oldi. Uchrashuvning asosiy natijasi mamlakatlar o‘rtasidagi chegarani demarkatsiya va delimitatsiya qilish mexanizmini yaratish to‘g‘risidagi qaror bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi maslahat yordamini ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, Rossiya davlati rahbari Ozarbayjon Prezidenti va Armaniston Bosh vaziri bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ozarbayjon va Armaniston mojarosidan manfaatdor tomonlar orasida AQSH va Fransiya ham bor. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 10 oktyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon suhbatida Yerevan va Baku muammoni hal qilish uchun choralar ko‘rayotganini olqishladi.Blinken Ozarbayjon va Armaniston tomonidan barqaror tinchlik kelishuvlariga erishish yo‘lidagi ijobiy qadamlar, jumladan, Tashqi ishlar vazirlari vayetakchilar o‘rtasida yaqinda o‘tkazilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirgan. U Ozarbayjonning 4 oktyabr kuni 17 harbiy asirning ozod qilinishini mamnuniyat bilan qabul qilgan va shuningdek, Prezident Aliyevni “tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash” uchun choralar ko‘rishni davom ettirishga chaqirgan. 

Davlat kotibi Qorabog‘ aholisining huquqlari va himoyasini muhokama qilish muhimligini, shuningdek, uzoq muddatli tinchlikka erishishning yagona yo‘li sifatida har ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlab qolish va muzokaralar yo‘li bilan kelishuvga erishishga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan. 

Shuningdek, o‘sha kunning o‘zida Blinken, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga ham qo‘ng‘iroq qilgan.  Tomonlar Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyatni muhokama qilgan hamda Yerevan va Baku o‘rtasida tinchlik bitimini ishlab chiqish muhimligi haqida kelishib olgan.  

Suhbatdoshlar BMT Nizomi va 1991 yildagi Olmaota deklaratsiyasi asosida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasini ishlab chiqish, shuningdek, chegarani demarkatsiya qilish va Armaniston-Ozarbayjon chegarasida Yevropa Ittifoqi fuqarolik missiyasi faoliyatini ta’minlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar”, Armaniston Vazirlar Mahkamasi xabarida. 

 

Ikkinchi Qorbog‘ urushi

2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlangan urushda harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.

Tinchlik kelishuvi

6 oktyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Chexiya poytaxti Pragada Yevropa siyosiy hamjamiyatining birinchi sammiti doirasida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel ishtirokida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon bilan chegarasini delimitatsiya qilishda yordam berish uchun Armanistonga missiya yuborishiga kelishildi.Shuningdek, uchrashuvdan keyin Armaniston oktyabr oyi oxirida Bryusselda Ozarbayjon bilan davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha komissiya yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Ilhom Aliyevning aytishicha, Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik shartnomasi shu yil oxirigacha imzolanishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv bo‘yicha tashabbuslar osonlik bilan olg‘a siljayotgani yo‘q, biroq kelishuvga umid bor.

Mojaroda Fransiyaning ishtiroki

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning aytishicha, Rossiya Kavkaz mintaqasi va undan tashqarida vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvlarni ataylab qo‘zg‘atyapti. 

Fransiya, AQSH va Rossiya Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlash vakolatiga ega Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhiga hamraislik qiluvchi davlatlardir. 

Emmanuel Makron so‘nggi oylarda Moskva Ozarbayjon foydasiga keskinlikni kuchaytirganini aytdi. 

“Oxirgi ikkiOzar yil davomida chegarada nima bo‘ldi? Chegarani go‘yoki 5000 nafar rus askari qo‘riqlayotgan bo‘lsa, ruslar ko‘p asrlik to‘qnashuvdan foydalanib, Turkiyaning sherikligi bilan Ozarbayjon foydasiga o‘ynadi va o‘zlari yaqin bo‘lgan Armanistonni zaiflashtirishga qaytdi”, deydi Makron. 

Uning qayd etishicha, Rossiya shu yo‘l bilan mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirmoqchi.

“Nima bo‘layotganini ko‘ryapsizmi? Bu Rossiyaning vaziyatni beqarorlashtirishga urinishi. U hammamizni beqarorlashtirish uchun Kavkazda tartibsizlik yaratmoqchi”, deydi Fransiya rahbari.

Yuqoridagilarga nisbatan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligining javob qilishicha, Fransiya rahbarining rasmiy Bakuga qarshi qo‘ygan ayblovlari uning xolisligini shubha ostiga qo‘yadi va jiddiy savollar tug‘dirmoqda. Ozarbayjonning mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash, Armaniston bilan xalqaro huquq tamoyillarini hurmat qilish asosidagi munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlari fonida Fransiyaning bir tomonlama pozitsiyasi va asossiz ayblovlari bizni ushbu mamlakatning vositachilik harakatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

16

Reyting

3.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing