Aliyev, Mirziyoyev va “Arqadag‘” uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi
Jamiyat
−
22 avgust 2025 4046 3 daqiqa
Bugun, 22 avgust kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy turizm zonasida Prezident Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetkachisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston rahbari so‘zining avvalida “Arqadag‘”ni avgust oyi boshida BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi. Aliyevni esa yaqinda Vashington shahrida Armaniston bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan qutladi.
Uchrashuvda Prezident Mirziyoyev ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator takliflarni berdi. Uch davlatning ulkan tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi.
Amaldagi va istiqbolli yo‘laklarning tutashuvi Xitoyni 3 davlat hududi orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan barqaror va samarali transqit’aviy yo‘nalishni shakllantirish imkonini berishiga ishonch bildirildi. Yangi yuk oqimlari, eng avvalo, Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston infratuzilmasidan samarali foydalanishni ta’minlashi qayd etildi.
O‘rta marshrutni, shu jumladan Zangezur yo‘lagini rivojlantirish borasidagi rejalar ham qo‘llab-quvvatlandi. Eng muhim masalalarni birgalikda ekspertlar darajasida ishlab chiqishga kirishish taklif qilindi. Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa va manfaatli chiqishni ta’minlash maqsadida yuk tashish tariflarini o‘zaro asosda pasaytirishga tayyorligini aytdi.
Bundan tashqari, sa’y-harakatlarni birlashtirish logistika infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan pragmatik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, mamlakat Kaspiy dengizi orqali yuklarni tashish uchun o‘z parom quvvatlarini yaratishdan manfaatdor.
Energetika xavfsizligini ta’minlash maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish va energiya resurslarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish yo‘laklarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Bu borada Yevropaga “yashil” energiya yetkazib berishni tashkil etish loyihasi istiqbolli ekani ta’kidlandi. An’anaviy uglevodorodlar borasida Kaspiy shelfida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va konlarni o‘zlashtirish sohasida hamkorlik istiqbollarini o‘rganish taklif etildi.
Uchrashuvda yana bir qator takliflar berildi:
- Barqaror savdo-logistika zanjirlarini rivojlantirish, ulgurji-taqsimot markazlarini tashkil etish va yirik savdo tarmoqlariga chiqish, fitosanitariya va karantin talablarini unifikatsiya qilish, mahsulotlarni raqamli markirovkalashni joriy qilish, qo‘shma elektron platformalarni ishga tushirish va tovar-xomashyo birjalari kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutadigan kompleks harakatlar rejasini birgalikda tayyorlash;
- Savdo-sanoat palatalari shafeligida ko‘rgazma-yarmarka tadbirlari va ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazish orqali uch mamlakat hududlarini ushbu jarayonlarga faol jalb qilish;
- Gumanitar aloqalarni kengaytirish doirasida 3 davlat va uchinchi mamlakatlardan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqlarning boy madaniy merosi mushtarakligi, an’ana va urf-odatlari yaqinligini namoyish etish imkonini beradigan turizm va madaniy almashinuvlarning uch tomonlama dasturini qabul qilish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga yetib borgandi. Turkmanboshi shahri aeroportida davlat rahbarini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgandi. Shundan so‘ng, Turkmanistonning “Avaza” milliy turizm zonasining Kongress markazida Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning yuzma-yuz va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tgandi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025