Aliyev Makronni Fransiyaning jirkanch tarixi uchun dunyodan uzr so‘rashga chaqirdi

Olam

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev BMT Xavfsizlik kengashi faoliyati samarasizligi haqida gapirib, Fransiya hukumatini qonli mustamlakachilik jinoyatlari va genotsid harakatlari uchun javobgarlikni tan olishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 2 mart kuni Bakuda bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakati sammitidagi nutqida so‘z ochdi. 

Siyosatchining ta’kidlashicha, Ozarbayjon Qo‘shilmaslik harakati raisi sifatida adolat tamoyillari va xalqaro huquq normalarini himoya qilish maqsadini ko‘zlaydi. 

U pandemiya boshlanganidan so‘ng darhol Qo‘shilmaslik harakati COVID-19 ga qarshi kurashish uchun global sa’y-harakatlarni safarbar qilish tashabbusini o‘z qo‘liga olganini esladi. 

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha o‘n yilliklarda mavjud bo‘lgan xalqaro xavfsizlik arxitekturasi hozirda “dramatik o‘zgarishlar”ni boshdan kechirmoqda va ko‘p tomonlama munosabatlar tahdid ostida. 

Uning qayd etishicha, xalqaro huquq me’yor va tamoyillarining yemirilishi xalqaro tartibga tobora tahdid solmoqda.  

“Yangi dunyo tartibi o‘zgarish jarayonida. Bugun butun dunyo Sovuq urush tugaganidan keyin Sharq va G‘arb o‘rtasidagi eng jiddiy qarama-qarshilikka guvoh bo‘lmoqda, bu esa butun dunyo uchun o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda”, deydi Aliyev. 

Ozarbayjon Prezidenti Qo‘shilmaslik harakatining Komor orollariga nisbatan pozitsiyasiga e’tibor qaratdi. 

“Harakatimiz Komor orollari Ittifoqining hanuzgacha Fransiya mustamlakachiligi ostida bo‘lgan Mayotta oroli ustidan so‘zsiz suverenitetini har doim qattiq qo‘llab-quvvatlab kelgan. Biz Parijni Yangi Kaledoniya va xorijdagi jamoalar va hududlardagi boshqa xalqlarning huquqlarini hurmat qilishga chaqiramiz. Yevropadan tashqarida Fransiya nazorati ostidagi hududlar fransuz mustamlaka imperiyasining jirkanch qoldiqlaridir”, dedi Ozarbayjon rahbari. 

Shu munosabat bilan Ilhom Aliyev Fransiya hukumatini o‘zlarining mustamlakachilik o‘tmishi va qonli mustamlakachilik jinoyatlari, shuningdek, Qo‘shilmaslik harakatiga a’zo mamlakatlar Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va boshqa joylarda sodir etgan genotsid aktlari uchun kechirim so‘rashga va javobgarlikni tan olishga chaqirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Ozarbayjon Ilhom Aliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing