Aliyev Armaniston bilan tinchlik bitimi qachon imzolanishini aytdi

Olam

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston bilan tinchlik shartnomasi qachon imzolanishini aytdi. Bu haqda u “Al Arabia”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Rasmiy ravishda tinchlik shartnomasi birgina aniq sabab tufayli imzolanmadi: Armaniston Konstitutsiyasida hanuzgacha Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini shubha ostiga qo‘yadigan band mavjud. Biz tushunganimizdek, ular tuzatish kiritishadi. Konstitutsion tuzatish kiritilishi bilan – Ozarbayjonga nisbatan hududiy da’volar olib tashlanishi bilanoq rasmiy tinchlik shartnomasi imzolanadi”, deydi Aliyev.

Shu bilan birga, u Ozarbayjon va Armaniston tomonidan Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp ishtirokida ushbu hujjatning paraflanishi “30 yildan ortiq davom etgan urushga nuqta qo‘yilganini anglatishi”ni qo‘shimcha qilgan.

Aliyevga ko‘ra, Armaniston Konstitutsiyasi muqaddimasida Qarabog‘ hududiga nisbatan da’volar mavjud. Kecha, 26 avgust kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov ham Baku Armaniston Konstitutsiyasidan barcha hududiy da’volarni to‘liq bartaraf etish maqsadida o‘zgartirishlar kiritilishini kutayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday o‘zgarishlar ikki mamlakat o‘rtasida yakuniy tinchlik shartnomasi tuzilishi uchun asosiy shart hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi yomonlashuv asosan Qorabog‘ mojarosidan kelib chiqqan. Sovet davrida Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibida bo‘lsa-da, aholining katta qismi armanlardan iborat edi. 1980 yillarning oxirida SSSR parchalana boshlaganda, arman millatchilari hududni Armanistonga qo‘shishni talab qildi, bu esa millatlararo keskinlikni kuchaytirdi. 

1988 yilda qurolli to‘qnashuvlar boshlandi, 1991 yilda urushga aylanib, 1994 yilda Rossiya vositachiligida Bishkek sulhi imzolandi. Natijada arman kuchlari Tog‘li Qorabog‘ va atrofidagi 7 tumanni egallab oldi, Ozarbayjon esa bu hududlarni bosib olingan, deb hisoblab keldi. 2020 yilning sentyabr-noyabr oylarida 44 kunlik urush bo‘lib, Ozarbayjon Turkiya yordami va zamonaviy qurollar yordamida katta hududlarni, jumladan Shusha shahrini qaytarib oldi. Rossiya vositachiligida sulh tuzilib, Armaniston Qorabog‘dan tashqari uch tumanni Ozarbayjonga topshirdi. 

2023 yil sentyabrda Ozarbayjon “antiterror operatsiyasi” orqali butun Tog‘li Qorabog‘ ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi va hududdagi arman aholisi deyarli to‘liq Armanistonga ko‘chib ketdi. Hozirda yomonlashuvning asosiy sabablari chegara masalalarining hal qilinmagani, yillar davomida urush va milliy adovat tufayli o‘zaro ishonchsizlikning yuqoriligi, Zangezur koridori bo‘yicha kelishmovchiliklar va geosiyosiy omillardir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev AQSH Prezidenti Donald Tramp ishtirokida Vashingtonda jangovar harakatlarni to‘xtatish haqidagi deklaratsiyani imzolagani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Ilhom Aliev Armaniston tinchlik bitimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing