Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning hayoti va ijodini, uning boy ilmiy-adabiy merosini o‘rganish, asarlarini yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Fanlar akademiyasi muassisligida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini (keyingi o‘rinlarda – Fond) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Quyidagilar Fondning asosiy vazifalari etib belgilanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:

•    Alisher Navoiy hayoti, yuksak insonparvarlik g‘oyalari va ilmiy-adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng o‘rganish va targ‘ib qilish;

•    Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, mukammal ilmiy nashrlarini yaratish, ularni respublikada va chet ellarda nashr etish;

•    Alisher Navoiyning ilmiy-adabiy merosini tadqiq etayotgan adib va olimlar faoliyatiga ko‘maklashish, ular yaratgan ilmiy va badiiy asarlarni jamlash, shoir ijodini o‘rganayotgan, jumladan xorijiy davlatlardagi ilmiy-ijodiy markazlar bilan hamkorlik qilish;

•    har yili Alisher Navoiy tug‘ilgan sana – 9 fevral kuni xalqaro konferensiya (simpozium) va “Navoiyxonlik kunlari”ni tashkil etish va o‘tkazish.

3. Quyidagilar:

•    Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

•    Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondining tuzilmasi
•    2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

Belgilansinki, Ijro etuvchi direksiya Fondning ijro organi hisoblanadi va unga ijrochi direktor rahbarlik qiladi.

4. Vasiylik kengashiga quyidagi vakolatlar berilsin:

•    Fondning daromad va xarajatlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini hamda mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini tasdiqlash;

•    Fond mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;

•    ijrochi direktorni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish;

•    Ijro etuvchi direksiya tomonidan Fond mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatilishini ta’minlash;

•    zarur hollarda, shtat birliklari va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Fondning tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish;

•    Fond zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun manfaatdor davlat va nodavlat tashkilotlarni hamda homiylarni jalb etish.

5. Quyidagilar Fond mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

•    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan har yili 1 milliard so‘mgacha ajratiladigan mablag‘lar;

•    xalqaro moliya institutlari grantlari;

•    yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

•    qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6. Fanlar akademiyasi va Adliya vazirligi ikki oy muddatda
Fond ustavining belgilangan tartibda tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.

7. Fond Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, akademik Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 70-uyning bir qismida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2021 yil 4 fevral


Maqola muallifi

Teglar

qaror Alisher Navoiy

Baholaganlar

19

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing